Jamiyat | 17:06 / 18.07.2019
15873
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiya qo‘mondoni Baxt shahridagi Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida tarbiyalanuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta'lim berishga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi huzurida Sirdaryo viloyati,  Baxt shahrida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etilgan va u Milliy gvardiyaga biriktirilgandi.

 Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi ostida ushbu o‘quv-tarbiya muassasasida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator tashkilotlar hamkorligidagi ishlar amalda yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, birinchi yo‘nalish bo‘yicha yoshlarda san'atga bo‘lgan qiziqishni orttirish maqsadida O‘zbekistondagi taniqli aktyorva aktrisalar bilan turli xil  ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilib, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalarining chiqishlari hamda konsert dasturlari, Harbiy-texnik instituti orkestri jamoasi va “Alvon beretlar” badiiy havaskorlik ansambli o‘z faoliyatini ushbu maktabga bog‘lagan holda tarbiyalanuvchilar uchun maxsus musiqiy dasturlar ustida ish olib bormoqdalar.

Ikkinchi yo‘nalish ijrosi bo‘yicha esa ushbu muassasada tarbiyalanuvchilarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilish maqsadida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar tashkillashtirilib, sport tadbirlarida faol qatnashgan va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar munosib taqdirlanib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur o‘quv-tarbiya muassasasida mashhur sportchilar bilan ham uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Misol uchun, Olimpiada-2016 chempioni, bir qator O‘zbekiston va xalqaro musobaqalar g‘olibi Hasanboy Do‘smatov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Chempion o‘quvchi yoshlar uchun boks bo‘yicha qisqa va eng kerakli mashg‘ulotlardan master-klass ko‘rsatishi davomida bir qator iqtidorli sportchilar mavjudligi aniqlandi.

To‘rtinchi yo‘nalishda belgilanganidek, yoshlarning ma'naviyatini yuksaltirish hamda ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Harbiy-texnik instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan davra suhbatlari va kitob mutoalasi bo‘yicha madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur o‘quv-tarbiya muassasasida “Jinoyatchilikka qarshi birga kurashamiz” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovning “Jinoyat va jazo” mavzuida tayyorlangan o‘quvchilar ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari har bir tomoshabin o‘quvchiga o‘z ta'sirini ko‘rsata oldi.

Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida 5 ta muhim tashabbusning har bir yo‘nalishi bo‘yicha maxsus to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, tarbiyalanuvchilar iqtidori va qobiliyatlariga ko‘ra guruhlarga biriktirilgan.

Kuni kecha Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik Bahodir Tashmatov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayevlar o‘quv muassasasining faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tarbiyalanuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Suhbat davomida Milliy gvardiya qo‘mondonligi iqtidorli yigitlarga kelgusida o‘zlari qiziqqan kasbiy yo‘nalishda o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishga ko‘maklashishini, hech bir tarbiyalanuvchi e'tibordan chetda qolmasligini bildirib, ushbu maktab ularning hayot yo‘li ekanligiga avvalo o‘zlari ishonishlari lozimligini, qolaversa, kelajagi uchun harakat qilayotgan har bir o‘smir yigit, albatta, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishini ta'kidladilar.

Bir qator yigitlarning qobiliyatlari munosib baholanib, ularning kelgusi faoliyatlari yuzasidan mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid