08:47 / 24.07.2019
11935

Yevropa Ittifoqi AQShga 35 mlrd dollarlik javob bojlari kiritish bilan tahdid qildi

Foto: EPA-EFE/JULIEN WARNAND

Yevropa Ittifoqi Vashington Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan avtomobillarga bojlar kiritishi holatida AQShga qarshi javob choralarini ko‘zda tutuvchi hujjatni tayyorladi. Yevropa Ittifoqining savdo bo‘yicha komissari Sesiliya Malmstrem agar AQSh tomonidan bojlar kiritilsa, AQShda ishlab chiqarilgan 35 mlrd dollarlik turli mahsulotlarga qo‘shimcha boj solinishini ma'lum qildi.

“Biz birorta kvota va cheklovga chidab turmaymiz. Agar bojlar kiritilgudek bo‘lsa, bizda javob ro‘yxati bor”, deb aytgan Malmstrem.

Komissar Bryussel bunday yo‘l tutishiga to‘g‘ri kelmasligiga umid bildirgan.

May oyida AQSh prezidenti Donald Tramp bir qator xorijiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari AQSh iqtisodiy manfaatlariga tahdid solayotganini aytgan. Biroq u Yevropa Ittifoqi va Yaponiya bilan muzokaralar o‘tkazilishiga ishora qilib, bojlar kiritilishini yarim yilga qoldirgan.

Malmstrem Trampning bu qarorini qutlagan, biroq uning Yevropa tomonidan AQShga tahdid mavjudligi borasidagi fikrini “bema'ni” deb atagan.

“Umid qilamanki, o‘zaro munosabatlarimizning ushbu bobini yopamiz va kelgusida birga ishlash uchun yo‘lni topamiz”, deb aytgan o‘shanda Yevropa Ittifoqi vakili.

Mavzuga oid
Top