10:34 / 30.07.2019
9509

2018 yil odam savdosi jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning 25 nafari jinoiy to‘dalar yetakchilari bo‘lgan

Foto: KUN.UZ

2019 yil 30 iyul kuni Toshkent shahrida “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo‘yicha Dasturulamal prinsiplar” to‘plamining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti doirasida Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining tadbirdan ma'lum qilishicha, 2018 yil odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida 123 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 305 tani tashkil etgan. Ya'ni, odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar soni bir yilda 60 foiz kamaygan.

Qayd etilishicha, bu borada jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni ham kamaymoqda. Jumladan, 2017 yili 405 nafar shaxs odam savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 201 nafarni tashkil etgan.

2018 yili odam savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan 201 nafar shaxsning 25 nafari – jinoiy to‘dalar yetakchilari, 105 nafari – yollovchi kimsalar, 46 nafari – tashuvchi, 20 nafari – ishtirokchi va yana 5 nafari moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchilardan iborat bo‘lgan.

2018 yilda 249 nafar kishi odam savdosiga doir jinoyatlar qurboni sifatida e'tirof etilgan. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 501 kishini tashkil etgandi. Ya'ni, bu ko‘rsatkich bir yilda ikki barobar pasaygan.

O‘tgan davrda Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi tomonidan odam savdosi jabrdiydalarining 3 ming nafardan ortig‘iga huquqiy, ijtimoiy, tibbiy va boshqa xil yordamlar ko‘rsatilgan. Birgina 2018 yil davomida ushbu Markazda odam savdosi bo‘yicha 195 nafar jabrlanuvchining reabilitatsiyasi o‘tkazilgan.

Mavzuga oid
Top