17:10 / 30.07.2019
16526

Bosh prokuratura: 25 nafar mansabdor shaxs odam savdosiga qarshi kurashishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan

Bugun, 30 iyul kuni Toshkent shahrida «Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo‘yicha Dasturulamal prinsiplar» to‘plamining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti doirasida Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning kirish qismida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov (moderator), Senat raisi Tanzila Norboyeva, YeHXTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori elchi Jon Makgregor, YeHXT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tatyana Kotlyarenko nutq so‘zladi.

Tadbirning ikkinchi qismida sohadagi respublika bo‘ylab holat haqida tushuntirish berib o‘tildi. Xususan, Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev masalaning jiddiy ekanligiga urg‘u berdi.

«Endi bu holatni bir oddiy jinoyat sifatida ko‘rish emas, uning kelib chiqish sabab va omillarini atroflicha o‘rganishimiz talab etiladi. Biz bunday ishlarni kallaga kelib qolgandek emas, kompleks tarzda yondashishimiz kerak.

Odam savdosiga qarshi kurashish borasida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 25 nafar mansabdor shaxs ma'muriy javobgaralikka tortildi. Bular 6 nafar hokim, 1 nafar hokim o‘rinbosari, 3 nafar sog‘liqni saqlash xodimi, 4 nafar XTB rahbari va o‘rinbosarlari, 1 nafar MTM mudiri, 6 nafar maktab direktori va boshqalar.

Bunday holatlarning oldini olish uchun konsullik xizmatlarida javobgarlik hissi oshyapti. Avvallari uryapsanmi, so‘kyapsanmi ishi yo‘q edi.

Masala jiddiyligi sabab, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha normativ akt loyihasi ishlab chiqilmoqda, unda Milliy komissiya tashkil etilishi haqida ham taklif mavjud», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top