13:00 / 30.07.2019
33506
Toshkentda YPX ta'qibidan qochib, yashiringan «Damas» haydovchisi o‘z xohishi bilan taslim bo‘ldi

Yakshanba kuni Toshkentning Olmazor tumanida YPX xodimlari ta'qibidan qochgan «Damas» haydovchisi dushanbada o‘z xohishi bilan ichki ishlar idorasiga bordi.

Avvalroq Toshkent shahar IIBB Kun.uz`ga qoidabuzar haydovchi yashiringani, uni o‘z yashash xonadonidan ham topishning imkoni bo‘lmaganini ma'lum qilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda 30 yoshli toshkentlik S.K. «qilgan ishidan afsuslangan holda o‘z oyog‘i bilan kelgani»ni ta'kidlaydi. U qilmishi uchun uzr so‘rab, boshqalarni bunday qilmaslikka chaqirgan.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, bugun mazkur holat ma'muriy ishlar bo‘yicha Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqiladi. Sud qarori tushdan keyin ma'lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, voqea 28 iyul kuni soat taxminan 17:00da Kichik halqa yo‘lining Olmazor tumanidan o‘tgan qismida – Sag‘bon chorrahasida ro‘y bergan.

Shahar IIBB ma'lumotiga ko‘ra, oq «Damas» haydovchisi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi talabini e'tiborsiz qoldirgan, so‘ng ichki ishlar organi xodimi belgilangan tartibga asosan uni ta'qib qila boshlagan. Ta'qibdan qochgan «Damas» yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlangan.

Top