08:15 / 02.08.2019
6760
«Alabino»da o‘zbekistonlik harbiylar o‘zlariga biriktirilgan tanklarni sinovdan o‘tkazdi

Beshinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” yo‘nalishi bo‘yicha ilk bor ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘zlariga biriktirilgan T-72 B-3 tanklarida jangovar rostlash amaliyotini bajardi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, hamyurtlarimiz mazkur musobaqaning ikkinchi guruhidan joy olgan bo‘lib, jami 12 jamoaga qarshi kurashadi. 

Moskva viloyatida joylashgan “Alabino” dala-o‘quv maydoni bugun tanklarning nishon tomon otilgan snaryad o‘qlari ovoziga to‘ldi. Hamyurtlarimiz o‘zlariga biriktirilgan jangovar texnikalarning “tili”ni topish, ularni me'yoriy holatga keltirish va nishonlarni yo‘q qilish borasida o‘zlarining mahoratlarini ko‘rsatishdi. 

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning tantanali ochilish marosimi 3 avgust kuniga belgilangan bo‘lib, hamyurtlarimiz ishtirokidagi bahslar 4, 6, va 8 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Top