O‘zbekiston | 22:55 / 26.05.2020
41523
2 daqiqa o‘qiladi

Baxmal tumanidagi sanatoriya yo‘nalishiga o‘rnatilgan blok-post xizmati to‘satdan tekshirildi

Okrug qo‘mondonligi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, “noqonuniy qurollangan kichik guruh” yengil avtomobilda harakatlanib, vaqtincha tashkil etilgan blok-postni buzib o‘tadi va tezkorlik bilan yashirinadi.

Foto: G‘ayrat Madrahimov

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi sanatoriya yo‘nalishiga o‘rnatilgan blok-post xizmati to‘satdan tekshirildi. Bu haqda Kun.uz’ga harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov ma'lum qildi. 

Okrug qo‘mondonligi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, “noqonuniy qurollangan kichik guruh” yengil avtomobilda harakatlanib, vaqtincha tashkil etilgan blok-postni buzib o‘tadi va tezkorlik bilan yashirinadi.

Blok-postda navbatchilik qilayotgan harbiy xizmatchilarning to‘siq buzib o‘tilgandan keyingi taktik harakati, ruhiy holati va tezkor tadbirlarni hamkorlikda bajarish amaliyoti ko‘rib chiqildi.

To‘siq buzilganidan so‘ng shaxsiy tarkib  ikki guruhga bo‘linib harakatlandi. Jangovar texnikada ta'qibga olingan “noqonuniy qurollangan guruh” mashinasini 20 daqiqadan so‘ng ikkinchi guruh texnikasi pistirmada kutib oldi.

Yengil avtoulov portlashdan keyin izdan chiqib to‘xtadi. Qo‘lga olish guruhi jinoyatchilarni qurolni tashlash haqida ogohlantirdi. Ammo bu foyda bermagach, harbiylar hujumga o‘tdi.

Guruhdan 2 ta AK-74 quroli, 1 ta Makarov pistoleti va portlovchi moddalar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Bu kabi o‘quv mashg‘ulot ko‘rinishidagi to‘satdan tekshiruv tadbirlari Samarqand va Jizzax garnizonidagi blok-postlarda ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid