10:23 / 05.08.2019
13317

O‘zbekiston «Tank biatloni» bo‘yicha guruhda birinchi o‘rinda

Beshinchi xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” yo‘nalishi bo‘yicha ilk bor ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqaning birinchi shartini ko‘ngildagidek bajarishdi. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, 3-4 avgust kunlari o‘tkazilgan musobaqada serjant Ubaydulla Turdialiyev yetakchiligidagi ekipaj a'zolari berilgan to‘siqlarni bekam-u ko‘st bajarishga harakat qildi. 

Ta'kidlash kerakki, “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi guruhida 13 ta jamoa ishtirok etishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo Shri-Lanka va Janubiy Afrika Respublikasi jamoalari mazkur musobaqaga yetib kelmaganligi sababli hozirda guruhda 11 ta jamoa birinchilik uchun kurash olib bormoqda. 

Yigitlarimiz topshirilgan vazifani a'lo darajada bajarishga bor kuch-g‘ayratini safarbar etishdi. 

“Tank biatloni” musobaqasida ilk bor ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarni Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan kuzatib bordi.

– Men Moskva shahrida bir necha yildan beri ishlayman, – deydi qashqadaryolik Anvar Yorbozorov. – Hamyurtlarimizning bugungi ishtirokini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildik va do‘stlarimiz bilan mamlakatimiz himoyachilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimiz bayrog‘ini qo‘limizda baland tutib keldik. Harbiylarimizning shijoatini, muvaffaqiyatini ko‘rib, mamlakatimiz armiyasidan yana bir bor g‘ururlandik. 

Musobaqa jarayonida ishtirok etayotgan xalqaro toifadagi mutaxassislar ham jamoaning chiqishini alohida e'tirof etib, yuqori baholashdi. Shu kungacha guruhda 7 ta jamoa birinchi shart bo‘yicha berilgan topshiriqlarni bajargan bo‘lsa, vakillarimiz ular ichida birinchi o‘rinda ketyapti.

Musobaqa davom etmoqda.

Top