18:41 / 16.08.2019
133070
Hajda vafot etgan musulmonlar soni ma'lum qilindi
Foto: AFP

Saudiya Arabistonida 2019 yilgi Haj mavsumi yakunlari sarhisob qilinmoqda.

«Islam i semya» xabariga ko‘ra, bu yil Islomning beshinchi ruknini ado qilish paytida 70ga yaqin hojilar «omonat»ini topshirishgan. 

Turkiyaning Diniy ishlar bo‘yicha boshqarmasi rahbari Ali Erbosh so‘zlariga ko‘ra, Hajda 28 nafar vatandoshi olamdan ko‘z yumgan.  

«Turkiyaning 28 fuqarosi Haj mavsumi davomida vafot etdi. Ularning ko‘pchiligi tabarruk joylarda dafn qilindi», - dedi Erbosh.

Ozarboyjonlik Baxman Shukurov Makka shahrida Haj amalini ado qilish paytida boqiy dunyoga rixlat qilganlardan biridir. 69 yoshli hoji Ka'ba atrofini aylanish marosimidan so‘ng, namoz o‘qiyotganida yurak xurujidan vafot etgan. U Makkada Islom dini urf-odatlari bo‘yicha dafn qilindi.

Shuningdek, bu yilgi Haj mavsumidan so‘ng 9 nafar nigeriyalik, 5 nafar filippinlik, 30 nafar bangladeshlik musulmonlar ham uylariga qaytishmadi. 

Qayd qilish joizki, har yili Hajda 100ga yaqin musulmonlar vafot etadi. Bu ko‘proq ularning yoshi ulug‘ ekani bilan bog‘liq. Marhumlarning ko‘pchiligi Saudiya Arabistonida dafn qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, bu yil 2,5 millionga yaqin musulmonlar Haj amalini ado qilishdi.

Top