08:00 / 18.08.2019
27700

Kanselyariya xaridi mavsumi: narxlar, mutaxassis maslahati va layfhaklar

Foto: city-stroy.spb.ru

Hozir maktab bozorlari ayni avjiga chiqqan palla. Farzandi maktab yoshiga yetgan ota-ona borki, sifatli va hamyonbop kanselyariya mahsulotlarini sotib olish ilinjida.

Xo‘sh, poytaxtdagi savdo nuqtalarida xaridorlarga bu borada qanday takliflar mavjud? Narxlar va sifat qanday?

«Quyoshli» (Solnechnyy) kanselyariya tovarlari bozorida mahsulotlar ulgurji narxda, keng assortimentda bo‘lgani bois ko‘p miqdordagi kanselyariyani hamyonbop tarzda olishni istovchilar uchun yaxshi variant hisoblanadi.

«Quyoshli»dagi narxlar (eng talabgir va ommabop mahsulotlarning o‘rtacha qiymati misolida):

ruchka ─ 800 so‘mdan 1200 so‘mgacha;

qora qalam ─ 850 so‘mdan 1000 so‘mgacha;

umumiy daftar ─ 1150 so‘m (36 varaq); 1400 so‘m (48 varaq); 2700 so‘m (96 varaqli);

12 varaqli daftar ─ 385 so‘m (mahalliy mahsulot); 410 so‘m (chet el mahsuloti);

rangli qalam to‘plami ─ 12 000 so‘m;

o‘chirg‘ich ─ 1500 so‘m;

qalamtarosh ─ 2500-3000 so‘m;

geometrik chizg‘ichlar to‘plami ─ 5500 so‘m;

flomaster to‘plami ─ 11 000 so‘mdan boshlanadi;

rasm albomi ─ 4000 so‘mdan boshlanadi;

qalamdon (penal) ─ 20,000-25,000 so‘m atrofida;

yelim ─ 4000 so‘m;

rangli qog‘oz to‘plami ─ 3000 so‘m;

kundalik ─ 2000 so‘m (daftar shaklida); 9000 so‘m (kitob shaklida);

rangli bo‘yoqlar ─ 9500 so‘mdan boshlanadi;

geografik atlas ─ 10 000 so‘m;

kitob muqovasi ─ 2000 so‘m (1-6-sinflar uchun); 3000 so‘m (7-11-sinflar uchun);

daftar muqovasi (20-24ta) ─ 2500-4000 so‘m.

Shaharning gavjum joylarida maxsus tashkil etilgan mavsumiy maktab bozorlaridagi narxlar ulgurji bozordan 50 so‘mdan 200 so‘mgacha bo‘lgan qiymatda farq qiladi.

Bozorlardagi doimiy ishlovchi, alohida kanselyariya do‘konlarida esa narxlar ulgurji bozorga qaraganda 200 so‘mdan 1000 so‘mgacha qimmatroqqa farqlanadi.

Shuningdek, shahar bo‘ylab ko‘plab filiallariga ega bo‘lgan korzinka.uz va makro do‘konlar tarmog‘ida ham maktab bozorlari tashkil etilgan.

Korzinka.uz do‘konlar tarmog‘idagi maktab bozorlaridagi narxlar:

rangli qalam to‘plami ─ 11 990 so‘m;

12 varaqli daftar ─ 390 so‘m;

rasm albomi ─ 4990 so‘m;

kundalik (daftar shaklida) ─ 1990 so‘m;

daftar muqovasi (24 dona) ─ 5490 so‘m;

umumiy daftar ─ 1290 so‘m (36 varaqli); 1490 so‘m (48 varaqli); 2990 so‘m (96 varaqli);

ruchka ─ 490 so‘mdan boshlanadi;

qalamtarosh ─ 2390 so‘m;

rangli bo‘yoq ─ 8990 so‘m;

flomaster to‘plami ─ 5990 so‘mdan boshlanadi;

qalam ─ 490 so‘m;

yelim ─ 1690 so‘m.

qalamdon (penal) ─ 36 990 so‘m.

Makro do‘konlar tarmog‘ida narxlar:

ruchka ─ 990 so‘mdan boshlanadi;

qalamtarosh ─ 3790 so‘m;

umumiy daftar ─ 1890 so‘m (36 varaqli); 2290 so‘m (48 varaqli); 4290 so‘m (96 varaqli);

qalamdon ─ 7890 so‘mdan boshlanadi;

yelim ─ 5290 so‘m;

rasm albomi ─ 4090 so‘m;

rangli qog‘oz ─ 3390 so‘m;

qalam ─ 810 so‘m;

flomaster to‘plami ─ 15 900 so‘mdan boshlanadi.

Har ikki do‘konlar tarmog‘idagi narxlar mahsulotning ishlab chiqaruvchisi, sifat darajasiga ko‘ra farqlanishi mumkinligi bois tafovutni ko‘rish mumkin.

O‘qish mavsumi arafasida kerakli kanselyariya mahsulotlarini «Quyoshli» bozoridan yoki maktab bozorlaridan xarid qilishning qulay tomoni shundaki, assortiment keng, har kim o‘z hamyonidan kelib chiqqan holda turli sifat va narxdagi tovarni tanlashi mumkin. Shuningdek, bu rastalardagi sotuvchilar qaysi sinf o‘quvchisi uchun nimalar kerakligi haqida ham yaxshigina tavsiyalar berishi mumkin.

Shuningdek, maktab bozorlarida davlat standartlariga to‘la javob beradigan buyumni tanlash imkoniyati ham yuqori.

Supermarketlardan qilingan xaridning ham ustunliklari bor. Har bir mahsulotning eng sifatli va saralangan xillarigina terib qo‘yilgan. Bu tanlov imkoniyatini kamaytirsa ham, sifatli mahsulotga ega bo‘lish ehtimolini oshiradi. Boshqa hollarda ham bo‘lgani kabi supermarketlardagi 10 so‘m kam falon narx hamda eski narxga bilan chegirmali narxning qiyosiy qilib ko‘rsatilishi xaridorning ko‘ziga ancha jozibali ko‘rinadi. Lekin u yerda o‘zingiz uchun kerakli barcha mahsulotlarni ham topa olmasligingiz mumkin.

Maktab formasi narxlarida dizayn, matoning sifatiga ko‘ra 5-10 ming so‘m atrofida farq seziladi. O‘rtacha hisobda boshlang‘ich sinf bolalari uchun klassik shim 60 ming so‘m, ko‘ylak 30-50 ming so‘m atrofida topish mumkin. Qizlar uchun oq kofta va qora yubka xaridi 200 ming so‘mgacha boradi.

Xarid chog‘ida alohida e'tibor bilan olish kerak bo‘lgan buyum maktab sumkasi hisoblanadi. Fiziolog Nodirabegim Haydarovaning ta'kidlashicha, maktab portfelining qandayligi bolaning gavda tuzilishiga ta'sir ko‘rsatadi.

─ Maktab sumkasining og‘irligi bo‘sh turgan holda 1 kg.dan ortmasligi kerak. Bir kunlik kerakli buyumlarning sumkaga bemalol joylashishiga e'tibor qaratish lozim.  Kerakli kitob va daftarlarni joylab bo‘lgach, bolaning sumkani qanday ko‘tarishiga diqqat qiling. Sumkaning og‘irligidan oldinga bukilib olgan bo‘lmasligi, tik tura olishi lozim, bu umurtqa qiyshayishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun sumkaga haqiqatan kerakli narsalarnigina joylash kerak. Masalan, akvarel bo‘yoqlari, geometrik chizg‘ichlar to‘plami har doim ham kerak bo‘lmaydi.

Portfelning orqaga tegib turadigan qismi ortopedik shaklda bo‘lishi kerak. Sumkaning yelkaga taqiladigan qismini uzunroq-qisqaroq qilish imkoniyati bo‘lishi muhim. Portfelning yuqori burchaklari o‘quvchiing yelkasi bilan baravar turishiga e'tibor bering.

Suv o‘tkazmaydigan, oson yuviladigan matodan qilingan portfelni sarishta tutish qulay. Shuningdek, portfeldagi zamochka va tugmalarning ochib-yopilishi bola uchun qulayligini inobatga olish kerak. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga aslo ryukzak olib bermang. Ular o‘sayotgan organizm uchun moslashmagan. O‘quvchilar uchun maxsus portfel (ranets) tanlang, ─ deydi mutaxassis.

Aytgancha, maktab portfellari bozorda 120 ming so‘mdan boshlanadi. Oddiy kanselyar jildni esa 40 ming so‘m atrofidagi narxga xarid qilish mumkin.

O‘quvchining yaxshi bilim olishida yaqin ko‘makchilari bo‘lgan o‘quv qurollarini tanlashda bir necha jihatlarni ko‘zdan qochirmaslik tavsiya etiladi.

─ Qora va rangli qalamlarning o‘rtacha qattiqlikdagisini tanlash kerak (qalamning o‘zida ko‘rsatilgan bo‘ladi).

─ Chizg‘ichning plastmassadan tayyorlangani yengilligi bois o‘quvchiga foydalanish uchun osonlik yaratadi.

─ Daftar varaqlari o‘ta oppoq bo‘lishi o‘quvchining ko‘zini zo‘riqtiradi. Shuning uchun qaymoqrang-sarg‘imtir tusdagi varaqlar maqsadga muvofiq. Varaqning o‘ta silliq bo‘lishi ham yozishda noqulaylik keltirib chiqaradi.

─ Qalamlarni tanlashda uning yumaloq emas, balki uch qirrali ekanligiga e'tibor bering. Bunday qalamni ushlash qulay. U bilan uzoq ishlaganda qo‘l mushaklari zo‘riqmaydi.

─ Ruchkaning bel qismida rezina belbog‘i borini tanlash orqali yozishni endi o‘zlashtirayotgan bolajonning qo‘llari tez charchamasligini kafolatlagan bo‘lasiz.

─ Flomasterlar suv asosida yoki benzol bilan to‘yintirilgan turda bo‘ladi. Bola flomasterni og‘ziga ham olib borishi, qo‘liga chizishi mumkinligini inobatga olgan holda suvli asosdagisini tanlagan ma'qul.

─ Metall yoki plastmassadan qilingan qalamdondan foydalanish nafaqat bola, balki katta odam uchun ham noqulaylik tug‘diradi. Eng yaxshisi, sintetik matodan qilingan yumshoq qalamdon.

Saodat Abdurahmonova

Top