22:12 / 14.09.2019
11
13870
Jamshid Xodjayev: «Bizga fermer-ombudsman kerak bo‘lyapti»

Bugun, 14 sentabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi binosida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan strategiya loyihasi bo‘yicha ma'lumot berdi, shuningdek, OAV xodimlarining savollariga javob qaytardi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshirish mehnizmlari, asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar, shuningdek, amalga oshirish ko‘rsatkichlari belgilab berilgan.

Unga ko‘ra, 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Strategiyasi sohani rivojlantirishning 9 ta ustuvor yo‘nalishini o‘z ichiga olgan: 

• Aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash; 

• Qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;

•  Soha boshqaruvida davlat ishtirokini kamaytirish va investitsion jozibadorlikni oshirish;

• Tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish;

•  Davlat boshqaruvining zamonaviy tizimlarini rivojlantirsh;

• Tarmoqni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish;

• Qishloq xo‘jaligi ilm-fan, ta'lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish;

• Qishloq hududlarini rivojlantirish;

• Tarmoq statistikasi va ma'lumotlar yig‘ishning shaffof tizimlarini ishlab chiqish.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 112 banddan iborat "Yo‘l xaritasi ham ishlab chiqilgan.

Tadbirda vazirlik va Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan fermerlarning qonuniy huquq va manfaatlari yetarli darajada himoya qilinmayotgani, fermer xo‘jaligi yerlari juda ko‘p holatda qonuniy asossiz tugatib yuborilayotgani, bu esa yillar davomida dehqonlarda mavjud qonunlarga nisbatan ishonchsizlik paydo qilib, yerga egalik huquqi shakllanishiga to‘siq bo‘lib kelayotgani, shuningdek, vazirlik tomonidan ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi tizim ishlab chiqilishi kerakligi borasida murojaat qilingan.

«Bu masala meni ham eng ko‘p o‘ylantiradigan, qiynaydigan muammo. Biz strategiyaga ham bu masalani kiritdik, ya'ni, qishloq xo‘jaligi sub'yektlarining huquqlarini shaffof qilib, tugatish shartlarini qayta ko‘rib chiqqan holda, tugatilishini ham faqatgina sud orqali amalga oshirish ko‘zda tutilyapti. 

Siz to‘g‘ri aytdingiz, agar majburiy tugatib yuborishlar shu ketishda davom etsa, mavjud qonunlarga boshqa fermerlarning, umuman, hech kimning ishonchi qolmaydi. 

Biz yerga egalik munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yolmasak, reja qilayotgan jamiki islohotlarimiz rejaligicha qolaveradi.

Fermerda yerga nisbatan mehr uyg‘otishning yagona yo‘li ham, unda yerga nisbatan haqiqiy egalik tuyg‘usini shakllantirish. Agar biz mana shu niyatimizga erisha olsak, dehqon yerga o‘g‘itniyam to‘liq kiritadi, unumdorliginiyam oshiradi, yangi texnologiyalarni ham joriy qiladi.

Albatta, vazirlik va fermerlarimizning kengashi ham buning uchun harakat qilmoqda, lekin nazarimda, bizda fermerlarning huquqlarini himoya qiladigan fermer-ombudsmanga ehtiyoj bor. Xuddi Biznes-ombudsman kabi.

 Fermer o‘z huquqlarini ombudsman orqali ham himoya qilsin», deya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top