17:29 / 14.09.2019
0
4257

Mahallalarda «Keksalar maslahati» guruhlarini faollashtirish zarurati qayd etildi

Joriy yilning 12 sentabr kuni Sirdaryo tumanida Respublika mahallalar kengashi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda keksa avlod vakillarining o‘rni” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminar davomida Sirdaryo tumanidagi oilalar va mahallalarda tinchlik va xotirjamlik muhitiga raxna solib turgan jinoyatchilik, oilaviy ajrim, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish ko‘rsatkichlarining amaldagi holati muhokama qilinib, profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida kelishib olindi.

Respublika Mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari Botir Parpiyev tomonidan islohotlar davri mahallalar, jumladan,  keksa avlod vakillari oldiga qo‘yayotgan salmoqli vazifalar, keksalar va  nuroniylardan ijtimoiy faollik, uyg‘oqlik, islohotlar jarayonida kamarbasta bo‘lish kutilayotgani qayd etilib, mavjud holat tahlil qilindi.

Jumladan, ajrimlar, oila-turmush munosabatlarida jinoyatchiliklarning oldini olish;

juda ko‘p salbiy illatlarga yo‘l ochayotgan, oilalar mustahkamligiga putur yetkazib, ijtimoiy tabaqalanishga olib kelayotgan to‘y-hasham va oilaviy marosimlarni kamxarj, kamchiqim o‘tkazish bo‘yicha keksa avlod vakillarining faolligi yetarli emasligi ta'kidlandi.

“Keksalar maslahati” guruhlari orqali fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonining muhim shartlaridan bo‘lgan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish haqida takliflar berildi.
 
Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari M.Jo‘rayev tomonidan ta'kidlanganidek, “Jinoyatchilik holati respublika miqyosida joriy yil 8 oyi davomida barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar 28,8 foizga (30547 tadan 21723 taga) va jinoyat qidiruv yo‘nalishida 37,6 foizga (18971 tadan 11830 taga) kamayishiga erishildi.

Jamiyatimizda jinoyatlarning sodir etilishi va kelib chiqishining asosiy omillaridan biri sifatida aholining bandligi ta'minlanmaganligi yoki oilalardagi nosog‘lom muhitning shakllanganligi ham o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikada ishsiz yurgan shaxslar tomonidan 5 226 ta jinoyatlar sodir etilishi bilan izohlash mumkin. Bu raqam Sirdaryo viloyatida 97 ta, jinoyatlar 90 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan. Sirdaryo tumanida jami 4 939 nafar ishsizlar mavjud bo‘lib, shundan 29 ta jinoyatni 27 nafar shaxslar sodir etgan. 

Tumanda joriy yil 8 oyi davomida barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar 28,4 foizga (886 tadan 634 taga) va jinoyat qidiruv yo‘nalishida 32,5 foizga (486 tadan 238 taga) kamaygan. Biroq, jinoyat turlaridan o‘ta og‘ir jinoyatlar 7,1 foizga (28/30), og‘ir turdagi jinoyatlar 7,5 foizga (93/100), shuningdek, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 8,0 foizga (12/13), qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish 100,0 foizga (3/6) va qasddan badanga yengil shikast yetkazish 44,4 foizga (4/9) ko‘p sodir etilgan.

Jinoyatlarda ishtirok etgan shaxslar bo‘yicha tahlil qilinganida, ilgari sudlangan shaxslar tomonidan 57 ta jinoyatni 62 nafar, voyaga yetmaganlar tomonidan 10 ta jinoyatni 11 nafar, yoshlar tomonidan 136 ta jinoyatni 159 nafar va ayollar tomonidan 61 ta jinoyatni 66 nafar shaxslar tomonidan sodir etilganligi kuzatilgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida mavjud 222 ta mahallalarning 134 tasida yoki 60,3 foizida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, 48 tasida yoki 21,6 foizida jinoyatlar soni ortib ketgan.

Oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan mudhish og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, respublikada sodir etilgan qotillik jinoyatlarining 40,4 foizi (230 tadan 93 tasi) oila turmush munosabatlari doirasidagi kelishmovchiliklar tufayli sodir etilgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida 7 ta qotillik jinoyatining 4 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida bo‘lib, shundan 1 tasi eri tomonidan xotiniga nisbatan, 1 tasi akasi yoki ukasiga nisbatan va 2 tasi qarindoshiga nisbatan sodir etilgan.
 
Respublika Mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari B.Parpiyev tomonidan mahallalarda tashkilotlararo hamkorlikning bugungi kun talablariga javob bermasligi e'tirof etilib, aholi muammolari bilan ishlash borasida qator kamchiliklar sanab o‘tildi:

“Jumladan, ayrim mahallalarda fuqarolar yig‘ini hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Buning natijasida aniqlangan muammolar tegishli mutasaddilarga vaqtida taqdim etilmayapti, ularning bartaraf etilishini hech kim nazorat qilmayapti. “Ta'sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatish” degan jumla faqat qog‘ozda qolib ketyapti. Natijada aholida mahallaga hamda tegishli mutasaddilarga nisbatan norozi munosabat yuzaga kelmoqda. 

Tadbir ishtirokchilari tomonidan Sirdaryo viloyati faol keksalarining oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatchiliklarning oldini olish bo‘yicha murojaat qabul qilish haqidagi takliflari  ma'qullandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top