O‘zbekiston | 14:56 / 16.09.2019
158639
14 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatni o‘tashning yangilangan tartibi tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi yangilangan nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish;

safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish; 

harbiy lavozimga tayinlash va uni bajarish; 

harbiy unvon berish; 

haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish; 

rezervdagi xizmatga olish;

harbiy xizmatga majburlarni iste'foga chiqarish;

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va mazkur Nizomga, shuningdek mazkur sohadagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq harbiy xizmatchilarning xizmat va ijtimoiy-huquqiy mavqeini belgilab beruvchi boshqa holatlar (vaziyatlar).

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga quyidagi talablar qo‘yiladi:

muddatli harbiy xizmatchilar egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy ixtisoslikni sifatli o‘zlashtirishi, ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani ishlata bilish ko‘nikmalarini egallashi, mustahkam hayotiy pozitsiya, vatanparvarona dunyoqarash, yuksak ma'naviy-axloqiy va jismoniy sifatlarga ega bo‘lishi, harbiy burchni bajarishga tayyor turishi zarur;

oddiy askarlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar muddatli harbiy xizmatchilarga taalluqli bo‘lgan sifatlarni egallash bilan bir qatorda, harbiy kasbni chuqur o‘zlashtirishi, o‘zaro bog‘liq mutaxassisliklarni o‘rganishi, vaziyatning turli sharoitlarida jangovar va xizmat vazifalarini bajarish vaqtida ishonib topshirilgan qurol va G‘arbiy texnikani qo‘llashning mustahkam ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim;

serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ma'nan yetuk, harbiy burchni bajarishga ruhan tayyor bo‘lishi, harbiy kasbni mukammal bilishi, qurol-aslaha va harbiy texnikani mohirona qo‘llay olishi hamda uni saqlash va undan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Ularga bo‘linmalarda yuksak jangovar ruh, sog‘lom ma'naviy-ruhiy muhit yaratish, bo‘ysunuvchilarda Vatanga sodiqlik va vatanparvarlik hislarini doimiy ravishda tarbiyalab borish, ularni harbiy ixtisosliklar va zaruriy ko‘nikmalarni hosil qilish vazifalari yuklatiladi;

ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar professional tayyorgarlikka ega komandir (rahbar), harbiy bo‘linmalarga komandirlik (rahbarlik) qilish, murakkab vaziyatlarda tezkor moslashish va mustaqil harakat qilish, nostandart qarorlarni qabul qilish hamda shaxsiy namunasi bilan bo‘ysunuvchilarni jangovar va xizmat vazifalarini hal etishga yo‘naltira olishga qodir, harbiy ishga oid chuqur bilimlar, yuksak ma'naviy-ruhiy sifatlar, keng dunyoqarash, intellekt, yaxshi tashkilotchilik qobiliyatiga ega, ishonib topshirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikadan to‘g‘ri foydalanish va uni saqlashni biladigan mutaxassis bo‘lishlari zarur.

Yuqorida sanab o‘tilgan sifatlar o‘zini harbiy xizmatga, Vatanga xizmat qilishga bag‘ishlagan har bir fuqaro uchun hayotiy maqsad bo‘lib qolishi va mashaqqatli mehnat asosida shakllana borishi, nafaqat ekstremal sharoitlarda, balki tinchlik davrida kundalik xizmat davomida ham singdirilib, namoyish etilib borilishi lozim.

Ishlar tajribasi vorisiyligini ta'minlash, yosh harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatga moslashuvi, kasbiy shakllanish va yuklatilgan xizmat vazifalarini mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirish jarayoni tezlashishini ta'minlash maqsadida harbiy xizmatchilarga yuqori darajali kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan, tayyorgarligi eng yaxshi harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari orasidan murabbiylar biriktiriladi.

Murabbiylik tartibi vazirliklarning idoraviy ichki hujjatlari bilan belgilanadi.

Qurolli Kuchlardagi harbiy xizmatga vatanparvarona dunyoqarash, yuqori ma'naviy-axloqiy sifatlar, zaruriy intellektual saviya, bilim doirasi keng, shuningdek jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiradi.

Qurolli Kuchlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan butlash nomzodlarni harbiy-kasbiy saralash yo‘li bilan amalga oshiriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan shaxslar bundan mustasno.

Qurolli Kuchlarni butlash territorial va eksterritorial tamoyillari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Territorial (eksterritorial) tamoyil bo‘yicha butlanadigan bo‘linmalar va/yoki mutaxassisliklar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida quyidagi harbiy xizmat turlari joriy etilgan:

muddatli harbiy xizmat;

safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;

Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.

Muddatli harbiy xizmat - chaqiruv yoshidagi fuqarolarning oddiy askarlar lavozimlaridagi, shuningdek muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida Qurolli Kuchlar safidagi majburiy xizmatidir.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat - muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar o‘taydigan harbiy xizmat turidir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini safarbarlik chaqiruvi rezerviga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Kontakt bo‘yicha harbiy xizmat - davlat bilan harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik o‘rtasida tuziladigan kontraktga binoan ixtiyoriy ravishda Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga kirgan fuqarolar o‘taydigan harbiy xizmat turidir.

Rezervchilar xizmati - Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarini urush davri shtatlariga qadar butlash, shuningdek urush davri tuzilmalarini kengaytirish maqsadida haqiqiy harbiy xizmatni hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlardan bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar uchun umumiy harbiy majburiyat asosida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir.

Harbiy xizmatga birinchi marta yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo‘yicha) kirgan fuqarolar Vataniga, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik to‘g‘risida qasamyod qabul qiladilar.

Haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning boshlanishi deb:

a) muddatli xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar va zaxiradagi ofitserlar uchun - harbiy qismga jo‘nash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir bo‘lgan kun;

b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirganlar harbiy xizmatchilar uchun - harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontrakt kuchga kirgan kun;

v) vazirliklarning oliy harbiy ta'lim muassasalariga kursant lavozimiga hamda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlar uchun - tegishli ta'lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan kun;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun - tegishli farmon, qaror yoki farmoyish imzolangan kun hisoblanadi.

Haqiqiy harbiy xizmat muddatlari kalendar hisobida:

a) muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar va ofitserlar lavozimlarida o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun - o‘n ikki oy;

b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun - kontraktda ko‘rsatilgan muddat;

v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror yoki farmoyishiga muvofiq vazifalarni bajarish davri etib belgilanadi.

Harbiy xizmat muddati haqiqiy harbiy xizmat boshlangan kundan hisoblanadi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan fuqarolar harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda haqiqiy harbiy xizmatni o‘taydilar.

Fuqarolarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olinganidan so‘ng, shuningdek oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlari va oliy ta'lim muassasalari harbiy tayyorgarlik kurslarida o‘qishni tugatgan talabalarga oliy ta'lim muassasani bitirganidan so‘ng shaxsiy raqam, belgilangan namunadagi jyetonlar va shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar beriladi.

Harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik, davlat qo‘mitasi va idoralarining harbiy qismi, qo‘shilma, harbiy boshqaruv organi, korxona, muassasa, tashkilot va harbiy tuzilmalari hamda ularda ishlash yoki o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan tashkilot va muassasalarda harbiy xizmatchi rezervga bo‘shatilishi yoki iste'foga chiqarilishi munosabati bilan harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqarilgan kun uning uchun haqiqiy harbiy xizmatning tugashi (oxirgi kuni) deb hisoblanadi.

Kalendar hisobida kamida o‘n yil xizmat qilgan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan bo‘shatilayotganda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi:

oliy ta'lim muassasasining kunduzgi bo‘limidagi bir oy o‘qish muddati bir oy xizmat muddati hisobida;

oliy ta'lim muassasasini tamomlaganidan so‘ng ixtisosligiga mos keladigan lavozimlardagi bir oylik ish staji bir oylik xizmat hisobida.

Pensiyani hisoblash vaqtida harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatlarining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklardagi xizmat maxsus unvon berilgan kundan boshlab harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy xizmatga olishda ularning oliy ta'lim muassasalaridagi o‘qish muddatlari va oldingi ish joylaridagi mehnat staji pensiyani hisoblashda bir oylik o‘qish (ish) bir oylik xizmat hisobida haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Oliy yuridik ma'lumotga ega harbiy prokuraturaning ofitserlar tarkibi harbiy xizmatchilariga oliy ta'lim muassasasidagi o‘qish, ichki ishlar vazirligi organlaridagi xizmat, shuningdek ulardagi ish huquqni muhofaza qilish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan sudlar, prokuratura va adliya organlari va muassasalaridagi uzluksiz ish staji ularning harbiy xizmat muddatiga qo‘shib yoziladi.

Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat muddatiga kuyidagilar qo‘shib hisoblanmaydi:

a) harbiy xizmatchining intizomiy harbiy qismda bo‘lish davri;

b) sudning ayblov hukmi chiqqan harbiy xizmatchiga nisbatan jinoyatning oldini olish chorasi sifatida qamoqda ushlab turilgan davri;

v) xizmat bo‘yicha cheklash ko‘rinishidagi jazo muddatini o‘tash davri, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;

g) harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketilgan muddat.

Intizomiy qismda jazoni o‘tab, belgilangan muddati tugagandan so‘ng yoki muddatidan ilgari ozod etilgan, harbiy ixtisoslikka ega bo‘lgan harbiy xizmatchiga, shuningdek xizmat bo‘yicha cheklash ko‘rinishidagi jazo muddatini o‘tagan, umumharbiy nizomlar talablarini qat'iy bajarayotgan, xizmatni benuqson o‘tayotgan harbiy xizmatchiga uning intizomiy harbiy qismda bo‘lgan yoki xizmat bo‘yicha cheklov davri O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanishi mumkin.

Harbiy xizmatning umumiy davomiyligi, harbiy xizmatchining ham chaqirilishi bo‘yicha va ham kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatning jami vaqtini, shu jumladan haqiqiy harbiy xizmatga qaytadan kirishni o‘z ichiga oladi.

Harbiy xizmatning umumiy davomiyligi kalendar va imtiyozli hisobdagi harbiy xizmatdan iborat bo‘ladi.

Kalendar hisob - bu harbiy xizmatchining yil, oy va sutkalarda ifodalangan haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan rasmiy umumiy davridir.

Pensiya, ijtimoiy imtiyozlar tayinlash yoki to‘lash uchun imtiyozli hisob-kitob O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.

Jangovar harakatlarda yoki terroristik tashkilotlarning qurollangan tuzilmalarini aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazish davomida jangovar vazifalarni bajarishda qatnashgan, shu jumladan, yuqorida ko‘rsatilgan harakatlarda qatnashish davrida yarador bo‘lgani, shuningdek ozodlikdan mahrum etilishi ko‘rinishida jazoni o‘tash davri hamda keyinchalik reabilitatsiya qilingan harbiy xizmatchilarga (jarohat va travma olgani, kontuziya bo‘lgani) kasallangani sababli davolash muassasalarida bo‘lgan bir kuni imtiyozli ravishda xizmatning uch kuniga teng hisoblanadi.

Quyidagi harbiy unvonlar joriy etildi:

“III darajali serjant” - 3 yil;

“II darajali serjant” - 4 yil;

“I darajali serjant” - 5 yil.

O‘qish davomiyligi 5 yil bo‘lgan oliy harbiy ta'lim muassasalarining bitiruvchilari uchun “leytenant” harbiy unvonini olish uchun xizmat muddati 1 yil etib belgilandi.
 

Mavzuga oid