10:51 / 17.09.2019
0
10258

Saudi Aramco dronlar hujumidan keyin 300 mlrd dollar yo‘qotishi mumkin – OAV

Foto: Christopher Pike / Reuters

Saudiya Arabistonining Saudi Aramco davlat neft kompaniyasining Abqayq va Xuraysdagi obektlariga dronlar hujumidan keyin kompaniya IPO’si savol ostiga qo‘yilmoqda va boshqa sanaga ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda Wall Street Journal nashri xabar berdi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, agar yangi hujumlar xavfi saqlanib qolinsa, Saudi Aramco’ning bahosi 300 mlrd dollarga kamayishi mumkin.  

WSJ’ning ta'kidlashicha, kompaniyaning narxi hujumgacha ham saudiyalik amaldorlar o‘rtasidagi kelishmovchilikka sabab bo‘layotgandi. Xususan, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va uning moliyaviy maslahatchilari IPO oldidan kompaniyani 2 trln dollarga baholash mumkinligini ta'kidlashgan bo‘lsa, bir qator bankirlar va kompaniya boshqaruvining bir qismi 1,5 trln dollar haqida gapirish to‘g‘riroq bo‘lishini aytishgan.

Hozir vaziyat shunday tus olmoqdaki, kompaniyaning yo‘qotishlarini hujumlardan keyin yuz bergan inqiroz sababli neft narxi keskin ko‘tarilishi ham kompensatsiya qila olmaydi. Bu orada Ar-Riyodda hujumlar takrorlansa, harbiylar ularni qaytara olishiga to‘liq kafolat yo‘qligi tan olinmoqda.

Hujumlar uchun javobgarlikni yamanlik husiylar o‘z zimmasiga olgan. Biroq AQSh davlat kotibi bunda Eronni ayblagan. Hujumlardan keyin Saudi Aramco neft qazib olishni 5,7 mln barrelga qisqartirishga majbur bo‘lgan. Bu esa podshohlik oladigan bir kunlik neftning yarmini tashkil qiladi. Buning ortida Brent nefti narxi 14 foizga ko‘tarilib ketib, 71,62 dollargacha yetgan.

Husiylar avval ham Saudiya Arabistoni neft obektlariga dronlar yordamida hujumlar amalga oshirishgan. Jumladan, may oyida ular Qizil dengizdagi neft quvuriga shikast yetkazishgan, avgustda esa Shaybahdagi konga hujum qilishgan. Biroq o‘shanda kompaniyaning yo‘qotishlari sezilarsiz deb baholangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top