20:00 / 30.09.2019
1
9487
Oliy sudda «Arabboy» MChJning Toshkent shahar hokimligi qarorini bekor qilish bo‘yicha da'vosini ko‘rish boshlandi

Bugun, 30 sentabr kuni Oliy sud tomonidan «Arabboy» MChJning Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 29 noyabrdagi 1682-sonli qarorini bekor qilish bo‘yicha da'vosini nazorat instansiyasida ko‘rishni boshladi. Avvalroq, bu masalada hal qiluv qarori bilan Chilonzor tumani ma'muriy sudi tomonidan da'vo qanoatlantirilgan, apellyatsiya sudi esa Chilonzor tuman ma'muriy sud qarorini bekor qilgan edi.

Oliy sud sudyasi Axadova raisligida ko‘rilayotgan ushbu ishda sud jarayonlarini yoritib borishda audioyozuvlardan foydalanishga ruxsat berildi.

Sud jarayoni avvalida sudlov hay'ati tanishtirildi. Sudlov hay'ati, prokurorga nisbatan e'tiroz bildirilmadi. Taraflarning huquq va majburiyatlari to‘liq tushuntirildi. So‘z avval jamiyat advokatiga berildi.

«Bu masala yuzasidan 8 marta sud ishi ko‘rib chiqildi. Qurilishga 2016 yilda ruxsat berilgan. Qurilish boshlaganimizda boshqa noqonuniy foydalanib kelgan tashkilotlar bilan nizolar kelib chiqdi. 2017 yilda hokimiyat zaxirasiga olindi. Bu vaqtda fuqarolar shikoyatlari bilan sud ishlari bo‘ldi. 2017-18 yillarda nizolar bo‘lgani tufayli qurilish ishlari to‘xtatib turildi. Biz hokimlikka ham 50dan ortiq ariza va shikoyatlar bilan murojaatlar qildik. Biror marta amaliy yordam berilmagan. Ikkita sud qarori chiqquncha 2 yil vaqt o‘tib ketdi», – deydi jamiyat himoyachisi.

Sud majlisida jamiyatning bosh yuristi Rustam Olimbekov so‘zga chiqdi.

«Bizga 2014 yil berilgan joy 2013 yilda boshqa shaxsning ham balansidan chiqib turibdi. Buni hokimiyat 2017 yilda o‘z tasarrufiga qaytarib olyapti. Men u joyga na kira olaman, na remont qila olaman. Faraz qiling, siz bir kvartira sotib oldingiz va u sizning nomingizdaligi masalasi hali muhokama qilinyapti. Bu vaqtda men qanday qilib qurilish olib boraman? Bitta to‘sqinlik bu bo‘lsa, ikkinchi sababi biz bilan prokuratura olishdi. Bitta prokurordan ikkita xat. Bittasida «Planeta» korxonasi ishlayapti desa, bittasida yo‘q faoliyat yuritmayapti deyildi. Biz hamma tartib-qoidalarga rioya qilgan holda 2018 yilda qurilish boshlaganmiz. O‘sha yilning o‘zida 100 million so‘mdan ortiq soliq to‘laganmiz. Hujjatlashtirish ishlariga arxitektura va boshqa tashkilotlardan ruxsat olishning o‘zi bo‘lmas ekan. 200 million so‘m mablag‘ sarfladik. Birov kelib «nima qilding» deb so‘ramadi. Prokuror bizga to‘sqinlik qildi. Joyiga boramiz. Prokuror telefon qiladi, ichki ishlar xodimi bizni haydab chiqaradi. Biz qanday qurilish olib boramiz?», – deydi huquqshunos.

Sud jarayonida hokimlik vakiliga ham so‘z berildi. U da'voni rad etishni so‘radi.

«Yerga egalik qilish qarorini bekor qilish uchun asos 2018 yil 16 noyabrdagi Toshkent shahar prokuraturasining 10-2/15-18-sonli protesti bo‘lgan. Shu sababli qaror bekor qilingan. Ya'ni, bunga asosan aytadigan bo‘lsak, o‘z vaqtida qurilish ishlari olib borilmagan. Shuningdek, o‘sha yerdagi aholidan ham shikoyatlar bizga kelib tushgan», – deydi hokimlik huquqshunosi.

Ushbu keltirilgan ko‘rsatmalar jamiyat vakillari tomonidan to‘liq rad etildi. Berilgan shikoyatlar esa «uyushtirilgan» deya ta'riflandi.

Sud tomonidan hokimlik vakiliga so‘zlarini isbotlash maqsadida bir necha hujjat keltirish aytildi. Raislik qiluvchi prokuror protestining hokimlik tomonidan ijroga kiritish tartibi haqida savollar berildi.

Sud majlisida kadastr organi vakili ham qatnashdi. Unga berilgan savol bo‘yicha Yunusobod tuman kadastr bo‘limi tomonidan 2018 yilgi o‘rganishlar so‘raldi. Kadastr vakili bundan xabari yo‘qligini aytdi.

Sud hay'ati ish bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishini ma'lum qilib, kerakli shaxslarni ishga jalb etish maqsadida tanaffus e'lon qildi.

Sud majlisi keyingi hafta, 7 oktabr kuni soat 11:00da davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida shu yilning avgustida «Arabboy» MChJ vakillari tomonidan apellyatsiya sudi, prokuratura va hokimlik idoralaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati bo‘yicha maqola e'lon qilingan edi. Unda jamiyat vakillari sudma-sud sarson bo‘layotgani, qurilishga endi ruxsat olishganida ko‘plab to‘sqinliklarga uchrayotgani ta'kidlangan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top