17:09 / 04.10.2019
1
27358
O‘zbekiston prezidenti huzurida yangi agentlik tashkil etildi
Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (DXRA) tashkil etildi. U davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarda kadrlar boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas'ul bo‘ladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobot beradi;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bir vaqtning o‘zida agentlik direktori hisoblanadi;

agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

davlat xizmatini transformatsiyasi uchun mafkuraviy platformani, uni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat xizmati sohasida yagona siyosatning amalda bajarilishini ta'minlash;

davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat xizmatini rivojlantirish tendensiyalari va rivojlanish istiqbollarini monitoring hamda tahlil qilish, ushbu sohadagi muammolar va muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan innovatsion usullarini joriy etish;

Milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, davlat xizmati lavozimlari reyestrini yuritish, shuningdek, davlat xizmatchilari bo‘sh lavozimlarining yagona ochiq portalini yaratish va yuritish;

davlat xizmatchilari faoliyatini baholash va ularning natijalarini tahlil qilish, jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik reytingini shakllantirish uchun o‘lchov ko‘rsatkichlari (muhim ko‘rsatkichlar) tizimini joriy etish;

malakali va yuqori malakali mutaxassislarni aniqlash va jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish, shu jumladan, chet elda yashayotgan vatandoshlar orasida, shuningdek, iqtidorli yoshlar va ayollarni davlat xizmatiga keng jalb qilish;

davlat xizmati uchun eng istiqbolli kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida tashkil etish;

davlat xizmatchilari o‘rtasida yuqori kasbiy etika, korrupsiyaga qarshi madaniyat va korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish;

davlat xizmati sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va izchil takomillashtirish, davlat xizmatchilari shaxsiy ma'lumotlarining saqlanishi bilan bog‘liq ma'lumotlar bazasini shakllantirish;

davlat xizmatchilarining ish beruvchilar bilan munosabatlarida huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, shuningdek ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib sharoitlar yaratishda ko‘maklashish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top