11:00 / 11.10.2019
0
1655
O‘zbekistonda yil boshidan buyon 28 marta zaharlanish holati qayd etilgan

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida O‘zbekistonda 28 marta zaharlanish holati qayd etilgan va 358 kishi jabrlangan, ulardan 2 nafari vafot etgan. Bu haqda 10 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Sanitariya-epidemiologiya nazorati yo‘nalishidagi barcha davlat idoralari rahbariyati va mutasaddi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi uch yillikdagi 85ta holatning 58 foizida botulizm kasalligi qayd etilgan. 27ta holat uy sharoitida tayyorlangan sifatsiz oziq-oqvat mahsulotlari, 15tasi to‘yxona va yemakxonalardagi salat va taomlar, 16tasi esa bolalar bog‘chasi va maktablardagi talabga javob bermaydigan darajada pishirilgan ovqatlar natijasida ro‘y bergan.

2017-2021 yillar uchun GAVI (Global Alliance for Vaccines and Immunisation) - vaksina va immunizatsiya bo‘yicha global alyans homiylik tashkiloti tomonidan Respublika Sanitariya va epidemiologiya sohasiga 22 million 200 ming AQSh dollari miqdorida grant mablag‘i ajratildi. Mazkur pullar hisobiga vaksinalarni saqlash omborlarida ta'mirlash va qayta qurish ishlari o‘tkazilib, ular maxsus sovutgich va muzlatkichlar, katta va kichik xajmdagi refrejiratorli transport vositalari, elektrokarlar bilan ta'minlanadi. Qo‘shimcha ravishda shu yil yakuniga qadar yana 5 million AQSh dollari miqdoridagi grant ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Bugungi kunga qadar KOICA (Koreya xalqaro xamkorlik tashkiloti) ishtirokidagi 6 million AQSh dollari qiymatiga ega grant loyiha doirasida mamlakatning 8ta hududiy DSENMning bakteriologiya va parazitologiya laboratoriyalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bundan tashqari, Respublikaning 14ta hududida vaksina saqlash omborxonalari qurib bitkazildi. 2020 yilda GAVI tomonidan ko‘zlangan dastur to‘liq amalga oshiriladi. Natijada aholini 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi emlash tadbirlarini sifatli va samarali o‘tkazish uchun katta sharoit yaratiladi», deya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitar-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Anjumanda Respublika sanitariya va epidemiologiya osoyishtaligi agentligi hududida vaksinalarni saqlovchi milliy omborxonasini qurish ishlari boshlangani va uning qiymati 2 million AQSh dollardan ziyodligi ta'kidlab o‘tildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top