21:45 / 12.10.2019
0
15401
Almazbek Atamboyev sud jarayonida ishtirok etishdan bosh tortdi

11 oktyabrda Qirg‘izistonda jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi bo‘yicha jarayon sud zaliga sobiq prezident Almazbek Atamboyev yetkazila olinmagani sababli keyinga qoldirildi. Bu haqda Qirg‘iziston bosh prokuraturasida Kaktus.media nashriga ma'lum qilingan. 

Ta'kidlanishicha, Atamboyev tergov izolyatori kamerasidan chiqishdan bosh tortgan. 

Batukayevning ozod etilishi ishi bo‘yicha Atamboyev va unga yaqin bir necha kishi ayblanmoqda. Sud zaliga qolgan ayblanuvchilar – Indira Joldubayeva, Abduxalim Raimjonov va Qalibek Qachkinaliyev yetkazilgan. 

“Ta'kidlash joiz, qonunga ko‘ra, jinoiy ishning dastlabki tinglanishi ayblanuvchining iltimosi bilan uning ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin. Biroq ayblanuvchi Almazbek Atamboyev bunday iltimos bildirmagan”, deyilgan prokuratura xabarida. 

Atamboyevning advokati Sergey Slesarevning aytishicha, “Atamboyev hokimiyat unga taklif etayotgan bu o‘yinda ishtirok etishdan bosh tortgan”. “U o‘zini aybdor deb hisoblamaydi”, deb aytgan advokat. Ta'kidlanishicha, sud jarayoni 14 oktyabrga qoldirilgan.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top