10:11 / 21.10.2019
0
15200
Ilmiy darajalar berish tartibi e'lon qilindi
Foto: Pixabay

Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi. Tegishli hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan.

Ilmiy darajalar belgilangan tartibda dissertatsiya himoya qilgan yoki talablarga javob bergan, muayyan fan tarmog‘ida chuqur kasbiy bilimga, ilmiy yutuqlarga ega bo‘lgan yuksak ma'naviyatli shaxslarga beriladi.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish – tibbiyot sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotga, veterinariya fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish – veterinariya sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Dissertatsiya izlanuvchi o‘tkazgan tadqiqotlar va e'lon qilgan ilmiy ishlar asosida tayyorlanadi. Dissertatsiyani rasmiylashtirish va uni himoya qilish izlanuvchining xohishiga ko‘ra o‘zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoki OAK bilan kelishilgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.

Talabgor, ilmiy rahbar yoki ilmiy maslahatchi tadqiqotning maqsad va vazifalarini aniq belgilash hamda dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining mazmuni uchun mas'ul hisoblanadi.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazishga oid qonun hujjatlarida belgilangan talablarni to‘liq bajargan, jumladan ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon (imtihonlar)ni topshirgan izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishga qo‘yiladi.

Tadqiqotlar amalga oshirilgan muassasa xulosasi va Ilmiy kengash taqdimnomasi asosida OAK Rayosati qarori bilan istisno tariqasida, quyidagilarga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin.

Ilmiy yangiligi dolzarb bo‘lgan patentlar bilan muhofaza qilingan ixtiro patenti va seleksiya yutuqlari patenti muallifiga:

fan doktori (DSc) ilmiy darajasi - kamida 3 ta ixtiro patenti yoki seleksiya yutuqlari patenti asosida fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shish hamda ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi asosida salmoqli samara olingan bo‘lishi;

falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi - ixtiro patenti yoki seleksiya yutuqlari patenti asosida fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shish hamda ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi asosida salmoqli samara olingan bo‘lishi;

Dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) muallifning tadqiqotlari amalga oshirilgan kafedra (laboratoriya) patentlar bilan muhofaza qilingan ixtiro patenti va seleksiya yutuqlari patenti asosida tayyorlangan taqdimnoma muhokamasining ijobiy natijasiga ko‘ra ishni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish uchun OTM/ITM rahbari nomiga bildirishnoma bilan murojaat qiladi. Murojaatga kafedra (laboratoriya) majlisining bayonnomasi ilova qilinadi;

b) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashidagi muhokama va uning ijobiy qarori asosida muassasa rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashining xulosasi;

ixtiro patenti va seleksiya yutuqlari ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilingani va salmoqli natijalar olingani to‘g‘risida tegishli boshqaruv organi (organlari)ning ma'lumotnomasi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining ixtiro va seleksiya yutuqlariga berilgan patent nusxalari;

avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma;

talabgorning faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar talabgor to‘g‘risidagi obektiv-ma'lumotnoma;

pasport nusxasi;

oliy ma'lumoti to‘g‘risi¬dagi hujjatning nusxasi;

fan doktori (DSc) ilmiy darajasi talabgori uchun falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja (falsafa doktori (PhD) diplomining nusxasi va dissertatsiyasi avtoreferati;

v) Ilmiy kengashda taqdimnoma o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani himoya qilish tartib-qoidasiga muvofiq holda ekspertizadan o‘tkazilib (nashr ishlari bundan istisno), muhokamasi natijasiga ko‘ra attestatsiya ishi elektron hujjat aylanish tizimi orqali OAKga yuboriladi;

g) attestatsiya ishi OAKda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Respublika OTM va ITMlari xalqaro reytingini baholashda foydalaniladigan QS (Quacquarelli Symonds), Times Higher Education (THE) reyting agentliklari tomonidan tan olingan Elsevier kompaniyasining Scopus, Science Direct xalqaro ilmiy-texnik bazalar ro‘yxatida mavjud ixtisoslashgan ilmiy nashrlarda (Xalqaro bazalar ro‘yxati) impakt-faktori tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha belgilangan darajada bo‘lib, avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma asosida istisno tariqasida, quyidagilarga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin:

fan doktori (DSc) ilmiy darajasi - salmoqli ilmiy yangiliklar olgan va kamida 12 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 8 ta) ilmiy maqola, jumladan ularning kamida yarmisini keyingi 5 yil ichida chop ettirgan mutaxassisga;

falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi - muhim ilmiy yangiliklar olgan va kamida 6 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 4 ta) ilmiy maqola, jumladan ularning kamida yarmisini keyingi 5 yil ichida chop ettirgan mutaxassisga.

Xalqaro bazalar ro‘yxatiga kirgan jurnallar impakt-faktorining tegishli darajasi har bir fan tarmog‘ining xususiyatidan kelib chiqqan holda yetakchi OTM va ITM tavsiyalari asosida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda OAK Rayosati qarori bilan belgilanadi.

Dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) muallifning tadqiqotlari amalga oshirilgan kafedra (laboratoriya) uning ilmiy maqolalar asosida tayyorlangan taqdimnoma muhokamasining ijobiy natijasiga ko‘ra ishni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish uchun OTM/ITM rahbari nomiga bildirishnoma bilan murojaat qiladi. Murojaatga kafedra (laboratoriya) majlisining bayonnomasi ilova qilinadi;

b) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashidagi muhokama va uning ijobiy qarori asosida muassasa rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashining xulosasi;

nashr ishlarining asl nusxalari;

ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilingani to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar;

avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma;

talabgorning faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar talabgor to‘g‘risidagi obektiv-ma'lumotnoma;

pasport nusxasi;

oliy ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;

fan doktori (DSc) ilmiy darajasi talabgori uchun falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja (falsafa doktori (PhD) diplomining nusxasi va dissertatsiyasi avtoreferati;

v) Ilmiy kengashda taqdimnoma o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani himoya qilish tartib-qoidasiga muvofiq holda ekspertizadan o‘tkazilib (nashr ishlari bundan istisno), muhokamasi natijasiga ko‘ra attestatsiya ishi elektron hujjat aylanish tizimi orqali OAKga yuboriladi;

g) attestatsiya ishi OAKda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalar muallifiga istisno tariqasida, dissertatsiya himoyasisiz falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja berilishi mumkin.

Dissertatsiya himoyasisiz falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) muallifning tadqiqotlari amalga oshirilgan kafedra (laboratoriya) uning ilmiy ishlanmalari asosida tayyorlangan taqdimnoma muhokamasining ijobiy natijasiga ko‘ra ishni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish uchun OTM/ITM rahbari nomiga bildirishnoma bilan murojaat qiladi. Murojaatga kafedra (laboratoriya) majlisining bayonnomasi ilova qilinadi. Ushbu ish OTM yoki ITM kengashida muhokama qilinib, natijasiga ko‘ra Yoshlar akademiyasiga murojaat qilinadi. Murojaatga OTM yoki ITM kengashining xulosasi ilova qilinadi;

b) Yoshlar akademiyasida tadqiqotning ilmiy yangiliklari va ularni amaliyotga joriy qilishdan olingan salmoqli natijalarning muhokamasi va uning ijobiy qarori asosida Yoshlar akademiyasi rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli ilmiy kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Yoshlar akademiyasining xulosasi;

ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilingani to‘g‘risida tegishli boshqaruv organi (organlari)ning ma'lumotnomasi;

avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma;

talabgorning faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar talabgor to‘g‘risidagi obektiv-ma'lumotnoma;

pasport nusxasi;

oliy ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;

v) ilmiy kengashda taqdimnoma o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani himoya qilish tartib-qoidasiga muvofiq holda ekspertizadan o‘tkazilib, muhokamasi natijasiga ko‘ra attestatsiya ishi elektron hujjat aylanish tizimi orqali OAKga yuboriladi;

g) attestatsiya ishi OAKda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Muayyan tarixiy mavzu tadqiqoti natijalari bo‘yicha kamida 4 ta ilmiy yangilik taqdimoti “O‘zbekiston tarixi” telekanalida o‘tkazilgan va ushbu ilmiy yangiliklar badiiy yoki hujjatli filmlar ssenariylarida foydalanilgan bo‘lib, ular mazkur telekanalda namoyish etilgan tadqiqot muallifiga tajriba tariqasida, dissertatsiya himoyasisiz tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja berilishi mumkin.

Dissertatsiya himoyasisiz falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) muallifning tadqiqotlari amalga oshirilgan kafedra (laboratoriya) uning ilmiy ishlanmalari asosida tayyorlangan taqdimnoma muhokamasining ijobiy natijasiga ko‘ra ishni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish uchun OTM/ITM rahbari nomiga bildirishnoma bilan murojaat qiladi. Murojaatga kafedra (laboratoriya) majlisining bayonnomasi ilova qilinadi. Ushbu ish OTM yoki ITM kengashida muhokama qilinib, natijasiga ko‘ra “O‘zbekiston tarixi” telekanaliga murojaat qilinadi. Murojaatga OTM yoki ITM kengashining xulosasi ilova qilinadi;

b) tadqiqot amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashidagi muhokama va uning ijobiy qarori asosida muassasa rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

tadqiqot amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashining xulosasi;

nashr ishlarining asl nusxalari;

avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma;

talabgorning faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar (talabgor to‘g‘risidagi obektiv-ma'lumotnoma; pasport nusxasi; oliy ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi).

“O‘zbekiston tarixi” telekanali tahririyatida mazkur masala muhokama qilinib, uning ijobiy xulosasi asosida (muhokama O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi rahbari tasdiqlangan ichki tartib asosida tashkil etiladi) O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga “O‘zbekiston tarixi” telekanali bosh direktori tomonidan tasdiqlangan tahririyat xulosasi taqdim etiladi (xulosada ilmiy yangiliklar taqdimoti va namoyish etilgan filmlar to‘g‘risidagi ilmiy va telema'lumotlar to‘liq aks ettiriladi);

v) ilmiy kengashda taqdimnoma o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani himoya qilish tartib-qoidasiga muvofiq holda ekspertizadan o‘tkazilib, muhokamasi natijasiga ko‘ra attestatsiya ishi elektron hujjat aylanish tizimi orqali OAKga yuboriladi;

g) attestatsiya ishi OAKda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Yopiq mavzular bo‘yicha dissertatsiya himoyasini tashkil etish va ilmiy darajalar berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Binar (ikkilik) himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasi “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida ilmiy ishlanma yaratgan falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega talabgorga fan doktori (DSc) va ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etgan talabgorga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq tashkil etiladi.

Talabgor o‘z dissertatsiyasi (taqdimnomasi)ni ilmiy jamoatchilik oldida himoya qilganidan keyin Ilmiy kengashning ilmiy daraja berish to‘g‘risidagi qarori OAKning fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashining tavsiyasi inobatga olingan holda OAK Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.

Falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajaciga ega bo‘lgan shaxslarga davlat namunasidagi diplomlar beriladi.

 Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya bilimlarning tegishli sohasida muhim ahamiyatga ega masalaning yangi yechimidan iborat yoki dolzarb ilmiy masalaning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ilmiy-texnik yoki ijtimoiy-iqtisodiy tavsiyalar ishlab chiqilgan tugallangan ilmiy ish bo‘lishi lozim.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya tugallangan ilmiy ish bo‘lishi va unda:

muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy yoki amaliy muammolar yechimi keltirilgan;

yoki tegishli fan sohasining istiqbolli yo‘nalishini rivojlantirish uchun yirik yutuq sifatida baholanadigan yangi nazariy qoidalar kompleksi ishlab chiqilgan;

yoki joriy etilishi fan va texnika, ijtimoiy-siyosiy soha yoki iqtisodiyot tarmog‘ining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadigan nazariy-metodologik va uslubiy asoslar, ilmiy asoslangan texnik, iqtisodiy yoki texnologik yechimlar ishlab chiqilgan (takomillashtirilgan) bo‘lishi lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top