14:13 / 23.10.2019
0
2666
Harbiy qismlarga yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘ va texnikani o‘z vaqtida qabul qilib olishga oid hujjat loyihasi tayyorlandi
Foto: KUN.UZ

Mudofaa vazirligi harbiy qismlariga temir yo‘l orqali yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘, texnika va harbiy yuklarni o‘z vaqtida qabul qilib olishga oid hukumat hujjati qabul qilinadi. Tegishli loyiha muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda umumiy uzunligi 31 212,77 pogon metr bo‘lgan jami 26 ta kirish temir yo‘llari mavjud bo‘lib, ushbu kirish temir yo‘llarining 25 tasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida.

Kirish temir yo‘llarini kerakli darajada ta'mirlash va butligini saqlab turish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida soha mutaxassislarining mavjudligi sababli temir yo‘llar orqali harbiy qismlarga keltiriladigan harbiy texnika va yuklarni o‘z vaqtida qabul qilib olishda yuqorida ko‘rsatilgan kirish temir yo‘llarida belgilangan vazifalar muammolarsiz o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirib kelinayotgani aytilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi 68-f sonli farmoyishiga asosan Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar posyolkasida joylashgan umumiy maydoni 8 543 gektar bo‘lgan obekt Mudofaa vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

Qabul qilingan obekt ichida 2001 yil 31 dekabrda qurilib foydalanishga topshirilgan umumiy uzunligi 1206,97 p.m. kirish temir yo‘li mavjud bo‘lib, ushbu kirish temir yo‘li Yalang‘och temir yo‘l bekatiga tutashgan. Kirish temir yo‘lining texnik holati tegishli mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilgan va qoniqarli deb baholangan.

Shu sababli, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarga temir yo‘llar orqali yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘, texnika va boshqa harbiy yuklarni o‘z vaqtida va sifatli qabul qilib olishni tashkillashtirish maqsadida umumiy uzunligi 1206,97 pogon metr bo‘lgan kirish temir yo‘lini “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga bepul o‘tkazish to‘g‘risida hujjat loyihasi tayyorlangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top