11:59 / 30.10.2019
0
13875
IIBB xodimi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, avtomobil olib qochgan va qidiruvda bo‘lgan shaxsni to‘xtatdi
Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar IIBB xodimi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, avtomobil olib qochganlikda gumonlanuvchi va Toshkent viloyatidagi hamkasblarining qidiruvida bo‘lgan shaxsni to‘xtatdi. Bu haqda IIBB xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida 29 yoshli Feruz M. 25 yoshli Abubakir T.ga tegishli bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomobilni olib qochgan. Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (“Transport vositasini olib qochish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rish tadbirlari boshlangan.

27 oktabr kuni taxminan soat 06:15 da, davlat raqamlari olib qochilgan avtomobilniki bilan bir xil bo‘lgan transport vositasi Chilonzor tumanidagi Bunyodkor ko‘chasida YPX va PPX xodimlarining nazariga tushdi. Ammo haydovchi xodimlarning transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabini bajarmasdan, harakatni davom ettirgan.
  
Chilonzor tumani IIO FMB jamoat tartibini saqlash bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik Tohir Rixsiyev yengil mashinada navbatchilik olib borayotganda olib qochilgan avtomobilni ko‘rib qolgan. G‘arazgo‘y qochishga uringaniga qaramasdan, o‘z avtomobilida uni yo‘lni chetiga qisib to‘xtatgan T. Rixsiyev tomonidan qo‘lga olingan.

Toshkent shahar IIBB rahbariyati fidokor xodimni taqdirlashga qaror qilgani aytiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top