20:00 / 26.11.2019
1
39026
Qanday holatlarda xorijiy oliy ta'lim muassasasi diplomi O‘zbekistonda tan olinmaydi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qanday holatlarda xorijiy oliy ta'lim muassasasining diplomi O‘zbekistonda tan olinmasligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqi ega bo‘lmagan tashkilotlar haqida xabar berilganidan so‘ng Ta'lim inspeksiyasi telegram botiga (@Uztdibot) foydalanuvchilaridan 1000ga yaqin savollar kelib tushdi.

Yuqoridagi murojaatlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston OTMlariga kira olmagan yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida xorijda oliy ta'lim olishni va buni hech qanday imtihonsiz, pullik xizmat ko‘rsatish evaziga rasmiylashtirib berishni taklif etayotgan konsalting tashkilotlari faol targ‘ibot ishlarini amalga oshirishmoqda.

Ushbu tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan OTMlarning diplomlari O‘zbekistonda tan olinishi yuzasidan aniqlik kiritish so‘ralmoqda.

O‘zbekistonda xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi. 

Konsalting tashkilotlari tomonidan «dunyodagi yetakchi oliy ta'lim muassasalari», «diplomi O‘zbekistonda sinovlarsiz tan olinadigan universitetlar» deb targ‘ib qilinayotgan, masofaviy va eksternat ta'lim shaklini taklif etayotgan muassasalarning aksariyati o‘z davlatida ham akkreditatsiyadan o‘tmagani ma'lum bo‘lmoqda», deyiladi Ta'lim inspeksiyasi xabarida. 

Ta'lim tizimi rivojlangan davlatlarda ham oliy ta'lim olishda asosiy ta'lim shakli sifatida kunduzgi ta'lim shakli amal qiladi. Masofaviy ta'lim shakli va eksternat ta'lim shakllari esa asosan oliy ta'limdan keyingi kattalar ta'limida va umr davomida ta'lim olishda qo‘llanib kelinadi. 

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizomning 36-bandiga asosan respublikamizda xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etilishi belgilab berilgan:

a) xorijiy davlatlarda kasbiy ma'lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta'limning umumiy me'yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma'lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta'lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam bo‘lsa;

b) xorijiy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O‘zbekiston Respublikasidagiga qaraganda ta'lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun kam huquqlar berilgan bo‘lsa (hujjat egasi ta'limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmasa);

v) ma'lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta'lim shaklida olingan bo‘lsa;

g) oliy ta'lim bosqichlarida:

  • bakalavriat bo‘yicha o‘qish muddati uch yildan kam bo‘lsa yoki Yevropa ta'lim tizimi asosida o‘qish davomida 240 dan kam kredit to‘plagan bo‘lsa;
  • magistratura bo‘yicha o‘qish muddati bir yildan kam bo‘lsa;
  • bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo‘shib o‘qitiladigan ta'lim dasturlari bo‘yicha ta'lim olganda umumiy o‘qish davri uch yildan kam bo‘lsa.

d) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan talablarga to‘g‘ri kelmasa. 

«O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta'lim shakllari ko‘zda tutilgan) ta'lim olish belgilangan, lekin masofaviy va eksternat ta'lim shakli ko‘zda tutilmagan. Shuning uchun hozirgi paytda ushbu ta'lim shaklida xorijiy ta'lim muassasalarida o‘qib olingan ta'lim hujjatlari hamda xorijiy OTMlarning bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta'lim shaklida 3 yil yoki undan kam muddatda o‘qib olingan diplomlari Respublikamiz hududida tan olinmasligini bildiramiz», deyiladi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top