"Hayotiy hikoyalar"ning bu galgi sonida IIB tizimiga soxta diplom bilan ishga kirib, yakunda sharmanda bo‘lgan insonning kechmishlarini o‘qiymiz.
«Otam tashkilotlardan birining yuk mashinasini minar, maktabning yuqori sinflarida o‘qib yurganimda uni boshqarishni o‘rganib olgandim. Shu sababli 8-sinfdan so‘ng tuman markazidagi kasb-hunar maktabi (PTU)da haydovchilik bo‘yicha tahsil oldim.
18 yoshda maxsus maktabni bitirganimda menda yuk mashinalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi bor edi. Ko‘p o‘tmay 1980-yillar boshi edi chamamda, harbiy xizmatga chaqirishdi.
O‘shanda ota-onam Afg‘on urushiga olib ketadi deb siqilishdi. Biroq meni Afg‘onga emas, Sibirdagi harbiy qismlardan biriga jo‘natib yuborishdi. Ikki yillik armiya davrida faqat yuk mashinasi boshqardim.
Harbiy xizmatdan qaytganimdan so‘ng otamning yoniga ishga kirdim va men ham yuk mashinasi boshqara boshladim. Ko‘pincha turli shaharlarga otam bilan birga, oldinma-keyin ketardik.
O‘sha paytda militsiyaga ishga kirishni orzu qilardim, bu haqda otamga aytsam «O‘zing bilasan, shu ishga qiziqsang mayli ishla», dedi. Biroq...
1985 yildan keyin Gorbachyov ancha yengilliklar berdi va otam bilan menga ish ko‘paydi. Endi tashkilot ishidan ortib, qo‘shni respublikalarga, ayniqsa Qozog‘istonga turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olib bora boshladik. Tabiiyki, avvalgidan ko‘proq pul topa boshladik. Shu paytda men militsiyaga ishga kirishni ortga surdim.
Ko‘p o‘tmay otam nafaqaga chiqdi. Endi Olmaotaga bir o‘zim borib keladigan bo‘ldim. Shu shaharda turli tanishlar orttirdim. Tabiiyki, ular orasida militsiya, jumladan ko‘plab GAI xodimlari bor edi.
Har borganimda ularga Qozog‘istonda kamyob bo‘lgan ho‘l va quruq mevalar olib borib berardim, xursand bo‘lishardi. Shu tariqa oshna tutinganmiz.
1991 yil bahorda, hali u paytda SSSR bor edi, militsioner tanishlarimdan biri arzimagan pulga Olmaotadagi ichki ishlar vazirligi qoshidagi oliy militsiya maktabini bitirganim haqida diplom olib bermoqchi bo‘ldi.
U so‘rayotgan pul uncha kattamas, biroq keyinchalik diplomning soxtaligi aniqlansa kim degan odam bo‘laman, shu narsa meni o‘ylantirardi.
O‘shanda militsiyaga diplomsiz ishga kirsa ham bo‘ladi-ku, degan fikr xayolimda aylanar, tanishim esa «diploming bo‘lsa tuzukroq ishda ishlaysan, boshqa xodimlar orasida bir pog‘ona baland yurasan», deb qiziqtirishni qo‘ymasdi.
















