15:20 / 29.11.2019
0
17674
«Arsenal» Emerini ishdan bo‘shatdi

«Arsenal» bosh murabbiyi Unai Emeri iste'foga chiqarildi. Bu haqda klub matbuot xizmati rasman xabar berdi.

«Arsenal» 28 noyabr kuni Yevropa Ligasi guruh bosqichining 5-turi doirasida «Ayntraxt»ga o‘z uyida yutqazdi (1:2), jamoa pley-offga chiqish imkoniyatini saqlab qolgan bo‘lsa-da, bu natija muxlislarning ham, rahbariyatning ham «sabr kosasini to‘ldirdi».

Ispaniyalik mutaxassis klubni o‘z shtabi bilan birga tark etgan. Jamoani endi vaqtincha Fredrik Yungberg boshqarib turadi.

«Bu qaror natijalar va o‘yinlar talab darajasida bo‘lmayotgani tufayli qabul qilindi. Biz Freddi Yungbergdan mas'uliyatni zimmasiga olib bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi bo‘lishni so‘radik. Ishonamizki, Freddi bizni oldinga boshlay oladi. Hozir yangi bosh murabbiy qidirmoqdamiz, jarayon yakuniga yetgach buni e'lon qilamiz», deyiladi klub rasmiy sayti xabarida.

Londonliklar barcha turnirlar doirasida 7 o‘yinda g‘alaba qozona olishmayotgandi. Bu jamoaning so‘nggi 27 yildagi eng yomon natijasidir.

• 27.10.2019, APL: «Arsenal» – «Kristal Pelas» – 2:2; 
• 30.10.2019, Liga Kubogi: «Liverpul» – «Arsenal» – 5:5 (pen. 5:4); 
• 02.11.2019, APL: «Arsenal» – «Vulverhempton» – 1:1; 
• 06.11.2019, Yevropa Ligasi: «Vitoriya» – «Arsenal» – 1:1; 
• 09.11.2019, APL: «Lester» – «Arsenal» – 2:0; 
• 23.11.2019, APL: «Arsenal» – «Sauthempton» – 2:2.
• 28.11.2019, Yevropa Ligasi: «Arsenal» – «Ayntraxt» – 1:2.

Londonliklar 22 yil davomida, Arsen Venger boshqaruvida (1996-2018 yillar) bunday noxush seriya qayd etmagandi.

Emeri «Arsenal»ni 2018 yil bahoridan buyon boshqarib kelayotgandi. 2018/19 yilgi mavsumda u jamoa bilan Yevropa Ligasi finaliga chiqdi, ammo «kanonirlar» finalda «Chelsi»ga yutqazib qo‘ydi (1:4). Angliya chempionatining 2018/19 yilgi mavsumida «Arsenal» beshinchi o‘rinni egalladi va YeChLda ishtirok eta olmadi.

Londonliklar joriy mavsumda APLning 13 turidan keyin 18 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 8-o‘rinda bormoqda.

Jamoaga taklif etilishi mumkin bo‘lgan nomzodlar orasida yaqinda «Tottenhem Hotspur» bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarilgan Maurisio Pochettino, ayni vaqtda «Manchester Siti»da Xosep Gvardiolaga yordamchilik qilayotgan, «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Mikel Arteta, «Yuventus»ning sobiq bosh murabbiyi Massimiliano Allegri, «Bornmut» ustozi Eddi Hau va «Vulverhempton» bosh murabbiyi Nunu Eshpiritu Santu nomlari bor.

Emeri joriy mavsumda APL jamoalaridan ishdan bo‘shatilgan uchinchi murabbiy bo‘ldi, dastlab «Uotford» Xaver Grasiyani ishdan bo‘shatib, Kike Sanches Floresni qaytargandi, «Tottenhem»da esa Maurisio Pochettino o‘rnini Joze Mourino egalladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top