17:06 / 12.12.2019
2
84544
Peshku tumanida moliyaviy piramida tashkil etish holati aniqlandi

Buxoro viloyati Peshku tumanida moliyaviy piramida tashkil etgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

«Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Peshku tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 1996 yilda tug‘ilgan Sh.Z. mulkiy manfaat berish bo‘yicha o‘z zimmasiga majburiyat olish yo‘li bilan fuqarolarning pul mablag‘lari va mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini amalga oshirib kelgan. U joriy yilning yanvar oyidan noyabr oyiga qadar 21 kishining 633 ming 400 AQSh dollari va 22,5 mln so‘m pulini jalb etib, ularning oldida olgan majburiyatlarini yangi jalb etilgan pul mablag‘lari hisobidan qisman bajarib, fuqarolarning 577 ming 400 AQSh dollari va 22,5 mln so‘mini qo‘lga kiritgani aniqlandi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, u jinoiy faoliyati davomida qo‘lga kiritgan mablag‘larining asl xususiyati va manbaini yashirish maqsadida 153 mln so‘mga «Lada Vesta» rusumli avtomashina sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadini legallashtirgan.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Sh.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma'lumot uchun, Jinoiy kodeksning 188-1-moddasi mulkiy manfaat berish bo‘yicha zimmaga majburiyat olish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni amalga oshirish va bunda ilgari olingan majburiyatni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish, shuningdek, bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta'minlash, bunday faoliyatga jalb etish maqsadida OAV va internet orqali reklama qilishga qaratilgan noqonuniy faoliyatga taalluqlidir.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan harakatlar eng kam ish haqining 100 dan 300 barobarigacha jarima solinishiga yo 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yo 3 yildan 5 yilgacha muddatgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Bunday harakatlar katta miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, oldindan til biriktirgan holda, OAV yoki telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, internetdan foydalangan holda amalga oshirilsa, eng kam ish haqining 300 dan 500 barobarigacha jarima solinishiga yo 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga olib kelishi mumkin.

Juda yirik miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan shunday harakatlar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top