16:25 / 18.12.2019
9435

Farg‘onalik saylovchilar diqqatiga!

Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Farg‘ona viloyatidan ko‘rsatilgan nomzodlar qaysi ijtimoiy masalalarni ko‘tarib chiqmoqda?

Sherzod Gulmatov, iqtisodchi, Beshariq tumani hokimligi moliya bo‘limi mudiri, 100-Beshariq saylov okrugidan nomzod:

– Parlament fraksiyamiz aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta'sir  ko‘rsatuvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining majburiy  ijtimoiy  maslahati, jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasi  mexanizmini qonuniy jihatdan mustahkamlashni maqsad qilgan. Shundan kelib chiqib aytish kerakki, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va mustahkam  taraqqiyotni ta'minlash maqsadida davlat organlari faoliyatiga, aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatuvchi muammolarni oldindan aniqlash va  samarali hal etishni ta'minlaydigan ijtimoiy diagnostikaning zamonaviy uslublarini joriy etish kerak, deb o‘ylayman.

Nigaraxon Alimova, pedagog, Dang‘ara tumanidagi 2-iqtisoslashtirilgan maktab direktori, 101-Dang‘ara saylov okrugidan nomzod:         

– Kam daromadli oilalar manzilli ijtimoiy himoyasi samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratishni rejalashtirdik. Xo‘sh, qanday qilib? Masalan, aholining kam ta'minlangan qatlami, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun qurilayotgan arzon uy-joylar sonini ko‘paytirish kerak, degan tashabbusni ilgari suryapmiz.

Farhodjon Mamadaliyev, menejment, O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 102-Yaypan saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz mamlakatimizda davlat va jamiyatning manzilli ijtimoiy muhofaza hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, ta'lim va sog‘liqni saqlash, sud-huquq, uy-joy va kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada isloh etishga e'tibor qaratadi. Saylovoldi dasturim partiyamizning aynan mazkur yo‘nalishlardagi ustuvor g‘oyalariga asoslanadi. Eng muhimi, iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish asosiy maqsadimizdir.

Otajon Rasulov, pedagog, Farg‘ona viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, ma'naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi boshlig‘i, 103-Qo‘qon saylov okrugidan      nomzod:

– Axborot makonida mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda, ularga qarshi kurashish uchun jamiyatning ijtimoiy birlashishi muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, ushbu masalaga doir vazifalarini fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda milliy mustaqillik g‘oyasini mustahkamlash bo‘yicha davlat va fuqarolik jamiyati institutlari olib borayotgan ishlarni izchil qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshirish mumkin, deb o‘ylayman. Oila institutini mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman.

Zamira Darvisheva, iqtisodchi-hisobchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Uchko‘prik tuman kengashi raisi, 104-Uchko‘prik saylov okrugidan nomzod:

– Biz pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta'minlangan oilalar, “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida yashovchilar, aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni dori vositalari va tibbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan buyumlar bilan ta'minlash, shuningdek, ijtimoiy dorixonalar  tarmog‘ining rivojlanishi   va faoliyati ustidan qat'iy nazorat olib boramiz.

Mavludaxon Maxmudova, kutubxonachi, Buvayda tumani madaniyat bo‘limi mudiri-madaniyat va aholi dam olish markazi direktori, 105-Buvayda saylov okrugidan          nomzod:

– Bizning partiya fuqarolar uchun mehnat qilish, dam olish, har yilgi haqi to‘lanadigan ta'tilga chiqish, ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda ijtimoiy muhofazaga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, insonning hayot ta'minoti uchun zarur bo‘lgan ish haqi, pensiya va nafaqalarning kafolatlangan eng kam miqdorini joriy etish kabi ijtimoiy tenglik va adolat g‘oyalarini qonun chiqaruvchi organdagi vakillari orqali ilgari surishda davom etadi.

Shohista Siddiqova, pedagog, Bag‘dod tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi, 106-Bog‘dod saylov okrugidan nomzod:

– Xalq demokratik partiyasi uy-joy qayg‘usida yurgan yurtdoshlarimizning muammolarini yaxshi tushunadi va bu masalada mamlakatimizda yangicha tizim joriy etish, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan kishilarning manfaatlarini himoyalash zarur, degan tashabbusni ilgari suryapti. Muayyan oylik daromadga ega bo‘lgan, ammo joylarda qurilayotgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida xarid qilish uchun dastlabki badal pulini to‘lashga qurbi yetmaydigan oilalar, yoshlar uchun uyni dastlabki badalsiz sotib olish imkoniyatini yaratish lozim.

Avaz Urinboyev, iqtisodchi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 107-Rishton saylov okrugidan nomzod:

–       Aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir ishlar samaradorligini yanada yaxshilash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari negizida xuquqiy maslahat berish tizimini yaratish. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiy masalalar bo‘yicha davlat va vakillik organlariga yuborayotgan murojaatlari yuzasidan maslahatlar berib borish oldimizda turgan eng muhim vazifadir. Biz ijtimoiy demokratiya – huquqlar tengligi va ularni amalga oshirishda imkoniyatlar tengligi tarafdorimiz!

Abdug‘affor Miraminov, muhandis-gidrotexnik, Oltiariq tumanidagi “Jalilobod” fermer xo‘jaligi rahbari, 108-Oltiariq saylov okrugidan nomzod:

– Partiya iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor tizimini shakllantirish ijtimoiy maqsadlarga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaydi. Shu bois davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish bo‘yicha demokratik tizimni shakllantirish lozimdir. Shu maqsadda investitsiyalar ustidan jamoatchilik nazoratining samarali tizimini yaratish, investitsiya siyosatida jamiyat manfaatlari himoyasini ta'minlash kerak, deb o‘ylayman.

Umidaxon Xudayberganova, menedjyer, “Istiqbol yo‘li” gazetasi bosh muharriri, 109-Qo‘shtepa saylov okrugidan nomzod:

–  Bola qobiliyatini erta aniqlash va ularning barkamol rivojlanishiga yo‘naltirilgan samarali protsessual mexanizmlarni yaratish, kam ta'minlangan oilalarning iste'dodli va qobiliyatli farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tizimini yaratish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri. Yana bir muhim masala, kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun “Barkamol avlod” bolalar maktablariga to‘lovlarni bekor qilish kerak. Biz madaniy-gumanitar sohada teng imkoniyatlar tarafdorimiz! Bu barkamol avlodni tarbiyalash poydevoridir!

Dilfuza Abdullayeva, filolog, Marg‘ilon shahridagi 1-son davlat ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi, 110-Marg‘ilon saylov okrugidan nomzod:

– Ta'limda ijtimoiy tenglikni ta'minlash mamlakatimizda demokratik jamiyatni shakllantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Aholining kam ta'minlangan qatlami uchun oliy ta'limdan foydalanishining ijtimoiy maqbulligini oshirish dolzarb vazifa, deb o‘ylayman. Buning uchun to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan kam ta'minlangan oilalarning farzandlariga imtiyozli ta'lim kreditlarini ajratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta'lim muassasalarida o‘qishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish kerak.

Dilbarxon Mamadjanova, muhandis-elektrik, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat kengashi raisi, 112-Vodil saylov okrugidan nomzod:

–Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan, og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan ayollarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish nihoyatda dolzarb vazifadir. Fikrimcha, ayollar bandligini ta'minlash yo‘nalishida qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim. “Mardikor bozorlari”da ayollarga taklif etilayotgan mehnat turlarini aniqlash, ularning orasida ayollar imkoniyatiga mos bo‘lgan faoliyat turlari bo‘yicha O‘zbekistonda ham firmalar, mehnat birjalari faoliyatini tashkil etish, ularga ishsiz ayollarni biriktirish, ular uchun maxsus kasb-hunar o‘rgatuvchi bepul kurslar tashkil etish, ayollar bandligini ta'minlovchi firmalarning o‘z faoliyatini aholiga tanitish va targ‘ib qilishiga sharoit yaratish kerak. 

Baxtiyor Mirzayev, shifokor, Toshloq tumani tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limi mudiri, 113-Toshloq saylov okrugidan nomzod:

– Aholining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning ijtimoiy manfaatlari va axloqiy qarashlariga jiddiy zarar yetkazadigan ortiqcha xarajatlarning oldini olish eng muhim vazifalarimizdan biri. Shu maqsadda nikoh to‘ylari, yubileylar, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibiga qat'iy rioya qilish, tarixan shakllangan madaniy qadriyatlar va an'analarning asl mazmuni hamda ahamiyatiga doir targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishni rejalashtirdik.

Juraboy Saymatov, muhandis-gidrotexnik, Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 114-Quva saylov okrugidan nomzod:

– Aholining ehtiyojmand qatlamlarini qori ijtimoiy ta'minlanganlik darajasi — jamiyat barqarorligining mustahkam poydevori hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, bir qator masalalar parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kerak, deb o‘ylaymiz. Xususan, nogironlarga xususiy tadbirkorlik hamda tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, kam ta'minlangan oilalar a'zolarining tadbirkorlik sohasidagi faolligi hamda kasanachilikni davlat va davlat-xususiy sheriklik asosida rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish kerak, deb o‘ylayman.

Ashurxon Israilova, shifokor, Quvasoy shahri ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bosh vrachi, 115-Quvasoy saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz o‘z deputatlari orqali iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirib borishni, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishni, ijtimoiy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Ushbu masalada bir qator takliflar bilan chiqmoqda. Gap shu haqida ketganda, zarur kasbiy malakasi yo‘qligi sababli doimiy ish joyi va barqaror daromadga ega bo‘lmagan kishilar, jumladan, ichki va tashqi mehnat migrantlar manfaatini himoya qilish muhim masala ekanini ta'kidlab o‘tmoqchiman.

Sobirjon Normatov, olim-agronom, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi So‘x tumani bo‘limi boshlig‘i, 116-Navbahor saylov okrugidan nomzod:

– Jamiyatda barqarorlikni saqlab turish uchun ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni tezkor aniqlash va hal etishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish maqsadga muvofiq. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va elektoratining kayfiyatini tizimli monitoring qilib boradigan mahalliy va boshlang‘ich tashkilotlari bu mexanizmning muhim tarkibiy qismlari bo‘lishi lozim.

Umuman olganda, nomzodlarimiz ilgari surayotgan taklif va tashabbuslar jamiyatda ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida O‘zbekiston XDPning joylardagi ta'sir doirasini mustahkamlashga imkon beradi.

Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz bering!

O‘zXDP markaziy Kengashi
Axborot xizmati

Mavzuga oid
Top