17:30 / 22.12.2019
0
43192
Afg‘onistonda prezidentlik saylovi 3 oy avval o‘tkazilgandi. Ilk natijalar endi e'lon qilindi

Afg‘onistondagi prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalariga ko‘ra, Ashraf G‘ani 50,64 foiz ovoz to‘plagan holda ikkinchi muddatga lavozimida qoladigan bo‘lmoqda.

Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla sentabr oyidagi saylovdan keyingi kuniyoq o‘zlarini g‘olib deb e'lon qilishgandi.

Afg‘oniston mustaqil saylov komissiyasi raisi Havo Nuristoniy 22 dekabrda saylovlarning dastlabki natijalariga yakun yasab, G‘ani ko‘pchilik ovoz olganini e'lon qilgan.  

Uning ta'kidlashicha, Muhammad Ashraf G‘aniga 923 ming 868 kishi yoki 50,6 foiz saylovchilar ovoz bergan. Uning asosiy raqibi – bosh vazir Abdulla Abdulla 720 ming 99 ovoz (39,52 foiz) olgan. Qolgan nomzodlar - Afg‘oniston Islom partiyasi raisi Gulbiddin Hikmatiyorga 70 ming 243, Rahmatilloh Nabilga esa 33 ming 921 ovoz berilgan. Nuristoniyning aytishicha, tekshiruvlardan keyin 1 mln 824 ming 401 byulleten haqiqiy deb topilgan.

Abdulla Abdullaning vakili Bobur Farahmand bu natijalarni soxtalashtirilgan deb atagan. «Barqarorlik va integratsiya» saylov jamoasi boshqa nomzodlarning qonuniy talablari hisobga olinmagan bu soxta natijalarni hech qachon qabul qilmaydi», deb aytgan Farahmand.

Mamlakatda saylov 28 sentabr kuni o‘tkazilgan, ammo uning natijalari Abdulla Abdullaning tarafdorlari ovoz berish jarayonida qo‘pol qoidabuzarliklar qayd etilganini ma'lum qilib, norozilik namoyishlari boshlagani tufayli shu vaqtga qadar rasman e'lon qilinmay kelmoqda.

Abdulla Abdulla mamlakat Oliy sudiga apellyatsiya bermoqchi va shikoyat ko‘rib chiqilmaguncha saylov natijalarini rasmiy deb hisoblab bo‘lmaydi.

«Yana bir marta ma'lum qilamizki, bizning jamoamiz qonuniy talablarimiz bajarilmagunicha bu soxta saylov natijalarini tan olmaydi», - deyilgan Abdulla shtabining bayonotida.

Abdulla Abdullaning hisoblashicha, undan 300 ming ovozni o‘g‘irlashgan.

Besh yil muqaddam o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Abdulla Ashraf G‘anini birinchi turda ortda qoldirgan, ammo ikkinchi tur natijalariga ko‘ra mag‘lubiyatga uchragandi. O‘shanda ham ovoz berish natijalari bo‘yicha bahslar uzoq davom etgan hamda siyosiy beqarorlik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgandi.

Namoyishlar va inqiroz

Abdulla Abdulla tarafdorlari ko‘plab shaharlarda namoyishlar uyushtirishdi

Sentabr oyidagi saylovdan keyingi kuni ikki nomzod ham o‘zlarini g‘olib deb e'lon qilishdi, ammo buning uchun hech bir tasdiq keltirishmadi.

Natijalar e'lon qilinishi oktabr oyiga mo‘ljallangandi, ammo muxolifatchilarning namoyishlari va boshqa texnik sabablarga ko‘ra bu muddat kechiktirildi.

Bu saylovdagi davomat 2001 yilgi saylovlardan (o‘shanda tolibonlar rejimi ag‘darilgandi) buyon eng past natijani ko‘rsatdi. Saylovda ishtirok etganlar soni ikki milliondan oshmadi.

Afg‘oniston aholisi soni 37 million kishini tashkil etadi, saylov huquqi faqat 9,6 million kishida mavjud. Saylov huquqiga ega bo‘lganlarning bir millionga yaqini joylardagi turli texnik muammolar va qoidabuzarliklar tufayli saylovda ishtirok eta olishmagan.

Davomat ko‘rsatkichlari pastligining yana bir sababi xavfsizlik bilan bog‘liq: saylovlar arafasida tolibonlar saylov uchastkalariga hujum qilish bilan tahdid qilishgandi.

Saylovlar nima uchun muhim

Noyabr oyida Shukronalik kunida Tramp kutilmaganda Afg‘onistondagi harbiy bazaga tashrif buyurgandi.
Mamlakatda 13 ming nafar amerikalik harbiy bor

Mamlakatning keyingi prezidenti qarshisida 40 yildan buyon urush girdobida qolayotgan va hozirda ham yiliga minglab kishilar halok bo‘layotgan mamlakatni boshqarish vazifasi turadi.

AQSh va toliblar o‘rtasidagi muzokaralar sentabr oyida barbod bo‘lgan, prezident Donald Tramp kutilmaganda Kemp-Devidda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuvni bekor qilgandi. Bunga Kobuldagi terakt oqibatida amerikalik harbiy halok bo‘lishi sabab edi.

Tolibon harakati vakillari o‘zlari noqonuniy deb hisoblaydigan Afg‘oniston hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib borishdan bosh tortishgandi. Ular bunday muloqot faqat AQSh bilan kelishuvga erishilganidan keyin ro‘y berishini ma'lum qilishgan.

Ayni vaqtda Afg‘onistonda AQShning 13 ming nafar harbiysi, shuningdek, mamlakatga NATOning afg‘onistonlik harbiylarni tayyorlash maqsadidagi dasturi doirasida kelgan bir necha ming amerikalik bor.

AQSh qurolli kuchlari Afg‘onistonga 18 yil muqaddam, 2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-York va Vashingtonda ro‘y bergan teraktlardan keyin kirgan. Bu Amerika tarixidagi eng uzoq vaqt davom etayotgan harbiy kampaniya hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top