20:00 / 29.12.2019
0
8497

Turkiya Somalidan teraktda jarohatlangan 45 kishini olib chiqdi

Turkiya qurolli kuchlarining transport samolyoti Somalidan poytaxt Mogadishodagi terakt vaqtida og‘ir jarohat olgan 45 kishini olib chiqib ketdi. Jarohatlanganlar Turkiyadagi gospitallarga joylashtiriladi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bergan.  

Shu samolyot bilan Somaliga Mogadishodagi shifoxonalarda qolayotgan odamlar uchun tibbiy qurilmalar va dori-darmon yetkazilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 28 dekabrda Mogadisho janubidagi nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida yuk mashinasi portlatilishi oqibatida 79 kishi halok bo‘lgan, 149 kishi yaralangan. Bu raqamlar yakuniy bo‘lmasligi mumkin.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi terakt qurbonlari orasida 2 nafar turkiyalik borligini tasdiqlagan. Somali ommaviy axborot vositalarining ma'lum qilishicha, voqea vaqtida nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida bo‘lgan turk muhandislari jabrlangan.  

Somali prezidenti Muhammad Abdullohi Muhammad ushbu teraktga “Ash-Shabob” radikal guruhi aloqadorligini aytgan. Biroq hozircha birorta terrorchilik guruhi ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. 

Turkiya Qatar bilan bir qatorda Somalining shahar infratuzilmasiga sarmoya qiritgan yirik investorlardan hisoblanadi. Mamlakatda ko‘plab turk mutaxassislari faoliyat yuritadi. Shuningdek, mamlakat janubida Turkiya qurolli kuchlarining Kemp-Turksom harbiy bazasi joylashgan bo‘lib, unda somalilik harbiylar tayyorlanadi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top