19:26 / 10.01.2020
8
54109
Mingbuloq tuman hokimi ma'muriy javobgarlikka tortildi

Namangan viloyati Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev ma'muriy javobgarlikka tortildi. U 4 mln 460 ming so‘m miqdorida jarima to‘laydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bergan.

«2019 yil 27 dekabr kuni «Facebook» va «Telegram» ijtimoiy tarmoqlarida “Mingbuloq tuman hokimi fermerlarni so‘kib tashladi” mavzusida tarqatilgan audioyozuvdagi holatlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, 2019 yil 9 dekabr kuni soat 10:00da Mingbuloq tumani, «Mehnatobod» MFY hududidagi «Gigant» muqobil mashina traktor parki saroyida Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi N.Xudoyberdiyev rahbarligida texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, unda tumandagi «Gigant», «Guliston», «Gulbog‘-1» MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilish davomida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi N.Xudoyberdiyev «Guliston dacha» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi M.Xalilov va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlarini qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta'mirlamayotgani, sustkashlikka yo‘l qo‘yib kelayotganlari xususida tanbeh berib, so‘ng haqorat qilgani hamda ularning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan N.Xudoyberdiyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma'muriy huqubuzarlikka doir ish qo‘zgatish haqida qaror qabul qilinib, ma'muriy chora qo‘llash uchun to‘plangan hujjatlar Mingbuloq tumani ma'muriy sudiga yuborilgan.

Mingbuloq tumani ma'muriy sudining 2020 yil 10 yanvardagi qaroriga ko‘ra, N.Xudoyberdiyev MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs deb topilib, unga nisbatan qayd etilgan modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida, ya'ni 4 mln. 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan», deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta'kidlangan audioyozuv tarqalgandi. Unda tuman hokimi qo‘l ostidagilarni turli so‘zlar bilan haqoratlagani ko‘rsatilgandi.

3 yanvar kuni Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu holat muhokama qilingan, tuman hokimi o‘z xatti-harakatlari uchun tanqidga uchragan, Nurshod Xudoyberdiyev pushaymonligini aytgan, yig‘ilganlardan hamda tuman xalqidan kechirim so‘ragandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top