10:19 / 10.01.2020
0
69278
Qirg‘iziston - Tojikiston chegarasida navbatdagi keskin vaziyat ro‘y berdi. Jabrlanganlar bor
Foto: turmush.kg

Qirg‘iziston - Tojikiston davlat chegarasining bir qismida, 9 yanvardan 10 yanvarga o‘tar kechasi navbatdagi keskin vaziyat kuzatildi.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, 9 yanvardan 10 yanvarga o‘tar kechasi Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyatining Jaka-Oruk hududida noma'lum shaxslar Botken shahriga ketayotgan Qirg‘iziston fuqarosiga tegishli avtomobilni toshbo‘ron qilishgan. Noma'lum shaxslar Tojikiston hududida yashirindi.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari ma'lumotiga ko‘ra, mashinada bo‘lganlar orasida jabrlanganlar bor. Avtomobilning orqa va yon oynalari sinib ketgan.

Oradan taxminan bir soat o‘tgach, Kocho-Qorin hududida Tojikiston fuqarolari Botkendan Ko‘k-Tosh qishlog‘iga qarab ketayotgan yana bir Qirg‘iziston fuqarosining mashinasiga tosh otishgan. Natijada, mashinaning old oynasi singan.

Taxminan soat 02:40larda Tojikiston fuqarolari Dahma aholi punktida Qirg‘iziston fuqarosining uyini toshbo‘ron qilishgan. Chegarachilar huquq-tartibot idoralari vakillari bilan birga Qirg‘iziston fuqarosining uyiga yo‘l olishgan vaqtda, Tojikiston hududidan kichik kalibrli ov miltig‘i orqali o‘qqa tutilganlar. O‘q otish orada uzilishlar bilan kuzatilgan, o‘qlar faqat tojikistonliklar tomonidan otilgan.

Botken viloyatida joylashtirilgan chegara bo‘linmalari kuchaytirilgan rejimda xizmat olib bormoqda.

Keyinchalik, mahkamaning xabar berishicha, Qirg‘iziston - Tojikiston davlat chegarasi qismida vaziyat keskinlashuv elementlari bo‘lgan holda, nisbatan barqaror bo‘lib turibdi.

Davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi nazorat-o‘tkazish punktlari odatiy rejimda ishlamoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top