10:08 / 10.01.2020
0
4538
Qonunchilik palatasida cog‘liqni saqlash vazirining parlament so‘roviga javobi muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida cog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning “Tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish, uning rivojlanishiga ko‘maklashish hamda sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi muhokama etildi.

Parlament so‘rovi yuborilishiga deputatlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi asos bo‘lgan. Bildirilishicha, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish va rag‘batlantirish borasida ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, hududlarda xususiy tibbiyot muassasalarining faoliyatini kengaytirish uchun sharoitlar yetarli emas hamda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan masalalar hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, tadbirkorlarga yer ajratish, bo‘sh turgan obektlarni “nol” qiymatida berish, imtiyozli kreditlar ajratish, tayyor obektlarni kommunikatsiya tarmoqlariga ulash borasida qator muammolar mavjud.

Parlament so‘rovi orqali sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan masalalarni tizimli ravishda hal etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarda xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘ining faoliyatini faollashtirish va kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarning holati, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish sog‘liqni saqlash vaziridan talab etildi.

“Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur so‘rovga yuborgan javob xatida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalaning yechimini topish uchun bajarilgan amaliy ishlar qayd etilishi o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohaga oid qabul qilingan Farmon va qarorlardagi statistik ma'lumotlarni keltirish bilan cheklanilgani ajablanarli bo‘ldi. Boshqacha aytganda, vazirlik parlament so‘roviga mas'uliyat bilan yondashmagani yaqqol ko‘zga tashlandi va ushbu javob deputatlarni qoniqtiradi, deb bo‘lmaydi”, - deyiladi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi xabarida.

Parlament so‘roviga javob Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama etilishi lozim. Ungacha bo‘lgan davrda deputatlar sog‘liqni saqlash vazirining parlament so‘roviga yo‘llagan javobini o‘zgartirishi va unda ko‘tarilgan muammolarni hal etilishi borasida aniq ishlar bajarilganligi to‘g‘risida vazirning o‘zi Qonunchilik palatasi majlisida axborot berishini umid qilmoqda, deyiladi parlament saytidagi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top