21:29 / 13.01.2020
3
12857
Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom qabul qilinishi nega kechikyapti? - Vazir izoh berdi

Yoshlar press-klubining 13 yanvardagi sessiyasi O‘zbekiston ta'lim tizimi masalalariga bag‘ishlandi.

Unda o‘tgan ikki yil davomida Oliy ta'lim sohasini tartibga soluvchi 20 dan ortiq hujjatlar qabul qilingani, biroq oliy ta'lim sohasini tartibga soluvchi «Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi yagona nizom haligacha yangi tahrirda qabul qilinmayotgani borasida savol berildi.  

Bu borada, shuningdek, «Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2018 yil avgust oyidayoq regulation.uz’da (hujjat loyihalari muhokamasi portali) joylashtirilgani ma'lumot o‘rnida keltirildi.

Savolga Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri Inomjon Majidov javob berdi.

«Xabaringiz bor ekan, bizda amaldagi nizom mavjud. Xo‘sh, nima uchun bizda uning yangilangan shaklini qabul qilish bosqichi cho‘zilyapti? Vaholanki, bu ishni biz bir yarim, ikki yil avval boshlaganmiz.

O‘tgan vaqt davomida Oliy ta'limga aloqador 20dan ortiq hujjat qabul qilingani ham rost gap. Bu hali asosiy hujjatlar. Biz qabul qilayotgan hujjatlar oliy ta'limning tuzilishi, tashqi ko‘rinishi, tashkiliy masalalariga tegishli.

Hozir shunday vaziyatki, har yili oliy ta'limga oid o‘nlab o‘zgarishlar qilinyapti. Biz hozir yagona xujjatni tasdiqlaganimiz bilan uni baribir har oyda o‘zgartirishimiz kerak bo‘ladi. 

Bizda hozir bunga {«Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi yagona nizom - tah} alternativ ravishda me'yoriy va undan kam bo‘lmagan hujjatlar chiqyapti. 

«Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi nizom esa oliy ta'lim muassasalari faoliyatining barcha jihatlarini o‘zida jamlagan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham bu hujjatga loyiha davridayoq o‘zgartirish kiritilyapti.

O‘ylaymanki, shu yil hujjatning tashkiliy masalalari hamda mazmuni to‘ldirilganda, pedagogik tarkibning me'yoriy talablari turg‘un ravishda shakllanganda biz uni tasdiqqa kiritamiz. 

Qaytaraman, hozir bizda oliy ta'lim muassasasi faoliyati uchun nizom mavjud», – deya Inomjon Majidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top