14:43 / 13.01.2020
1
19321
Xayrullo Bozorov Namangan viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Namangan shahar hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining 6-chaqiriqdagi ilk sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili sifatida davlat maslahatchisi Rustam Sobirovich Qosimov ishtirok etdi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Sessiya kun tartibidan o‘rin olgan masalalar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Prezidentning davlat maslahatchisi Rustam Qosimov so‘z olib, davlat rahbari tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga 6-Serob saylov okrugidan saylangan deputat Bozorov Xayrullo Xayitbayevichning nomzodini Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritilganligini ma'lum qildi va uni o‘qib eshittirdi.

Masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlari nomidan deputatlarning fikr-mulohazalari bildirildi.

«So‘zga chiqqan partiyalar vakillari Xayrullo Bozorovning viloyat hokimi lavozimidagi faoliyati viloyat ahli tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, mamlakatimiz prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlarning viloyatda amalga to‘g‘ri tadbiq etilayotganligi bois aholining turmush farovonligi oshib, xalqning davlatdan roziligi ta'minlanayotgani, Bozorovning odob-axloqi yuqoriligi, bosiqligi, xalq dardini tinglashga va ularga yechim topishga doim tayyorligini e'tirof etib, viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etilgan Bozarov Xayrullo Xayitbayevich nomzodini yakdillik bilan qo‘llab–quvvatlashdi», – deyiladi viloyat hokimligi axborotida.

Nomzod deputatlar tomonidan Namangan viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqlandi.

Sessiyada so‘z olgan Xayrullo Bozorov bildirilgan ishonch uchun davlat rahbari va viloyat deputatlariga minnatdorchilik bildirib, bu ishonchni oqlash uchun viloyatning har sohada respublika bo‘yicha yuqori natijalarga erishishi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishga davom etishini aytdi.

Ma'lumot uchun, shu hafta 44 yoshga to‘ladigan Xayrullo Bozorov 2015 yildan buyon Namangan viloyatini boshqarib kelmoqda. U Namangan sanoat-texnologiya institutini tamomlagach, 10 yil soliq tizimida ishlagan.

Jumladan, 1995-2003 yillarda Namangan viloyat Davlat soliq boshqarmasida inspektor, katta inspektor, bosh inspektor, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

So‘ng Namangan shahar soliq inspeksiyasiga ishga o‘tib, 2005 yilgacha avvaliga inspeksiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, so‘ng inspeksiya boshlig‘i bo‘lgan.

2005-2008 yillarda Bozorov Namangan viloyat hokimligining Axborot-tahlil guruhi bosh mutaxassisi, guruh rahbari, viloyat hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarini egallagan.

2008 yildan 2015 yilgacha – Namangan hokimi bo‘lguniga qadar viloyatning Uchqo‘rg‘on (2008-2009), Chust (2009-2014), Mingbuloq (2014-2015) tumanlari hokimi sifatida faoliyat olib borgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top