20:37 / 14.01.2020
0
3829
Xalq demokratik partiyasi respublika bo‘yicha nechta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi?

Parlament va mahalliy Kengashlarga saylov yakunlandi. Endi saylov oldidan mo‘ljallangan ishlarni aniq rejalashtirib, ro‘yobga chiqarish uchun kurashadigan davr boshlandi.

Saylov natijalarini atroflicha tanqidiy tahlil etish, respublika bo‘yicha yangidan shakllanayotgan deputatlik birlashmalarining faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilish maqsadida Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi videomuloqot shaklida o‘tkazildi.

Hududiy studiyalarda viloyat, tuman va shahar kengashlari raislari hamda partiya guruhlari rahbarlari, jami 300 kishi ishtirok etdi.

Yig‘ilishda dastlab Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlarda partiya erishgan umumiy natijalar tanqidiy tahlil etildi.

O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov saylov jarayonlari yangicha huquqiy sharoit va ochiqlik muhitida o‘tgani, partiyalarga o‘z g‘oya va dasturlarini targ‘ib qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini alohida ta'kidladi. Shu bilan birga, yo‘l qo‘yilgan sustkashlik va kamchiliklarni jiddiy tahlil qilish, ularning sabablarini zudlik bilan bartaraf etish zarurligi qayd etildi.

Xalq demokratik partiyasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlardagi jami 6720 ta deputatlik o‘rnining 1608 tasini, ya'ni umumiy natijalarga ko‘ra siyosiy partiyalar orasida ikkinchi o‘rinni  qo‘lga kiritdi.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o‘rnidan 22 tasini, Jo‘qorg‘i Kenges, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi 831 ta o‘rindan 202 tasini, tuman, shahar Kengashlaridagi 5739 ta o‘rindan 1384 tasini Xalq demokratik partiyasi nomzodlari egalladi.

Partiya deputatlarining 1420 nafari oliy ma'lumotli, 62 nafari 30 yoshgacha, 738 nafari 30-50 yoshgachadir. Deputatlarning 450 nafari xotin-qizlar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlarning 11 nafari, ya'ni teng yarmi ayollardir. Parlamentdagi eng yosh deputat ham shu partiyadan saylangan.

“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga muvofiq hamda saylov natijalariga asosan Xalq demokratik partiyasi Qonunchilik palatasida o‘z fraksiyasini, Jo‘qorg‘i Kenges, viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlarida (14 ta), shuningdek, tuman va shahar Kengashlarining 195 tasida o‘z guruhlarini tuzish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu raqamlar Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, xalqimizni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqishda Xalq demokratik partiyasi katta imkoniyatlarga ega ekanini anglatadi.

Hozirgi kunda eng jiddiy masala – qonunlarga to‘liq rioya qilinishiga erishishdir. Shunda ijtimoiy muammolar kamayadi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi tamoyili ta'minlanadi. Buning uchun ko‘proq hududlarda deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak bo‘ladi. Aks holda, quyida islohotlar ro‘yobga chiqishi qiyin: odamlar, xalqimiz hayoti va turmushida o‘zgarishlar sezilmaydi. Xalq demokratik partiyasi bu dolzarb masalaga alohida e'tibor qaratdi.

Aynan shundan kelib chiqib, yig‘ilishda Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi platformasini amalga oshirish bo‘yicha partiya tashkilotlari va mahalliy Kengashlardagi guruhlarining 2020 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi muhokama etildi.

Ushbu dasturda har bir hududda deputatlar qanday ijtimoiy muhim masalalarni tanqidiy tahliliy o‘rganishi, sessiyalarga olib chiqishi, hokimlik va mas'ul idoralarning hisobotlarini eshitishi bo‘yicha vazifalar aniq belgilangan. Har bir viloyat, tuman hamda shahar Kengashidagi deputatlik guruhlari yilning har choragida o‘rganishi, muhokama qilib, tahliliy tanqidiy takliflar tayyorlashi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar nazarda tutilgan. Dasturga muvofiq respublika miqyosida jami 942 ta masalani o‘rganish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha partiya Markaziy Kengashi bo‘lim boshliqlari – Baxtiyor Abdullayev, Boymurod Yusupov, Qoraqalpog‘iston respublika kengashi raisi Xalilla Yeshimbetov, Surxondaryo viloyat kengashi raisi Mavjuda Hasanova, Navoiy viloyat kengashi raisi Maqsud Nurullayev, Farg‘ona viloyat kengashi raisi Dilbar Mamadjanova, O‘zXDP Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a'zolari – Sharbat Abdullayeva va Safar Ostonov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Muhokamalardan keyin partiyaning 2020 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi qabul qilindi.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top