08:41 / 15.01.2020
0
4395
Bojxona: tovarni erkin muomalaga chiqarish muddati qisqartirildi
Foto: Norma.uz

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartibotlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 1057-son qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologiya xulosasi, ekologik sertifikat mavjud bo‘lishi talab etiladigan tovarlarni «Yagona oyna» bojxona axborot tizimida ularning berilishi tasdiqlangan taqdirda, import qilishga ruxsat beriladi.
 
Avval dastlabki bojxona deklaratsiyasi taqdim etilgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish BYuD ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab 3 soat ichida amalga oshiriladi.
 
Bojxona organlarining axborot tizimi uchun tovarlar, transport vositalari, yo‘lovchilar va ularning bagajlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar O‘zbekiston bojxona hududiga kelishidan bir soat oldin yuborilishi mumkin. Ushbu ma'lumotlar temir yo‘l tashuvchilari yoxud tovar egalari yoki tovarga nisbatan vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan taqdim etiladi.
 
Milliy va xorijiy tashuvchilar, boshqa manfaatdor shaxslar bojxona axborot tizimiga O‘zbekiston bojxona hududiga olib kirishga mo‘ljallangan tovar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma'lumotlarni mustaqil ravishda taqdim etishi mumkin.
 
Uch oy muddatda olib kirishga mo‘ljallangan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma'lumotlarni taqdim etish, ulardan foydalanish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top