16:32 / 15.01.2020
1
110721
Samolyotga ikkita raketa uchirilgan: «Boing»ga hujumning yana bir videosi paydo bo‘ldi

Amerikaning New York Times gazetasi Eron raketalari qanday qilib «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ga tegishli Boeing 737-800 samolyotini urib tushirgani tasvirlangan videoni tarqatdi. Kiyevga uchgan samolyot 8 yanvar kuni Tehrondagi aeroportdan havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib falokatga uchragan. Uning bortidagi 176 kishining barchasi halok bo‘lgan.

Videoyozuv 14 yanvar kuni eronlik foydalanuvchi tomonidan YouTube portaliga joylashtirilgan. Ushbu video samolyotga raketa uchirilgan harbiy obekt yaqinidagi binoga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi tomonidan yozib olingan.

Oq-qora videoda avvaliga birinchi, keyin yana bir ikkinchi yorqin nuqta paydo bo‘lishini ko‘rish mumkin. Ikkinchi raketa samolyotga birinchisidan  23 soniya keyin borib tekkan va portlash yuzaga kelgan. Chaqnashdan keyin qorong‘i osmonda yana bir necha soniya davomida hech narsa ko‘rinmagan, keyin pastga qulayotgan obekt yona boshlagan.

New York Times nashri ushbu video haqiqiyligini tasdiqlagan.

Kadrlarda samolyot urib tushirilgan 8 yanvar sanasi emas, «2019-10-17» raqamlari ko‘ringan. Nashr talqiniga ko‘ra, bunga kamera tizimida Grigorian emas, fors taqvimidan foydalangani sababdir.

Nashrning yozishicha, raketalar samolyot uchayotgan masofadan taxminan 8 mil uzoqlikdagi (13 km) Eron harbiy bazasidan uchirilgan. Bu video samolyot transponderi (samolyot turgan joyi haqida ma'lumot beruvchi elektron qurilma) ikkinchi raketa zarbasidan oldinroq ishlamay qolganini izohlaydi - samolyotga ikkita raketa borib tekkani tasdiqlanmagandi. Shuningdek, raketalardan hech biri samolyotni havoda yo‘q qila olmagani tasdiqlandi. Avialayner avvaliga yona boshlagan, keyin portlash ro‘y berib qulagan, samolyot uchuvchilari bu vaziyatda hech narsa qila olishmagan - u Xalaj Abad qishlog‘i ustiga tushishiga bir baxya qolgan.

Samolyot Eron Iroqdagi amerikaliklarning harbiy bazalariga yo‘llangan raketa zarbalaridan keyin bir necha soat ichida Tehron aeroportidan uchib ketgan 19 samolyotdan biri bo‘lgan.

Eron Ukraina laynerini urib tushirganini tan olib, buni operator xatosi deb izohladi - operator samolyotni amerikaliklarning qanotli raketasi deb o‘ylagan. Eron harbiylari ma'lumotiga ko‘ra, layner «Islom inqilobi muhofizlari korpusining muhim obektiga juda yaqin masofada uchgan va uning balandlikdagi holati dushman obektini eslatib yuborgan».

Avvalroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eron hukumati fikricha samolyotga raketa borib tegishi tasvirlangan boshqa videoni tarqatgan shaxsni qo‘lga olgani haqida xabar tarqalgandi. Qo‘lga olingan shaxsga milliy xavfsizlikka tahdid bo‘yicha ayblov e'lon qilingani aytilmoqda.

Londonda faoliyat ko‘rsatuvchi jurnalist Nariman G‘aribning aytishicha esa (u ushbu videoni birinchi bo‘lib internetga joylagandi), eronliklar boshqa odamni ushlashgan. «Videoni menga yetkazgan shaxs xavfsiz joyda. Ishontirib aytamanki, Islom inqilobi muhofizlari korpusi navbatdagi yolg‘onni to‘qib chiqarmoqda», - deya yozgan jurnalist.

Eronda aviahalokatdan keyin norozilik namoyishlariga chiqqan kishilardan 30 nafari qo‘lga olingan. Ularni «noqonuniy yig‘ilish»da ishtirok etishgani uchun ushlashgan.

Aviahalokat 8 yanvar kuni Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgan vaqtda ro‘y berdi. O‘sha kuni Eron harbiylari Iroqdagi AQSh bazalariga raketa zarbalari yo‘llagandi. Bu amerikaliklar Eronning yuqori lavozimli amaldori general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishiga javob bo‘ldi.

Eron bosh shtabi Iroqdagi bazalarga berilgan raketa zarbalaridan keyingi soatlar davomida amerikalikning harbiy samolyotlari uchishi keskin darajada oshganini, bu holat esa havo hujumidan mudofaa tizimi xodimlarining harakatlariga ta'sir ko‘rsatganini ma'lum qilgandi.

11 yanvar kuni The New York Times jurnalisti Kristian Tribert ham Ukraina samolyoti tomon raketa uchirilishining videosini e'lon qilgandi.

Mavzu
Eronda Ukraina samolyoti halokati
Eronda 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortidagi 180ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top