«Bosh qo‘mondon, yo‘qol!», deya hayqirishgan Ukraina yo‘lovchi samolyoti eronlik harbiylar xatosi bilan urib tushirilganidan g‘azablangan namoyishchilar. 

Shanba kuni Eron hukumati «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning «Boing» rusumli yo‘lovchi samolyoti Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiylarining xatolik bilan berilgan zarbasi tufayli urib tushirilganini tan oldi.

Aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan 176 kishining 83 nafari Eron fuqarolari edi, shuningdek halok bo‘lgan 60 nafardan ortiq Kanada fuqarolari ham kelib chiqishiga ko‘ra eronlik edi.

Asosan talabalar va marhumlarning yaqinlari bo‘lgan namoyishchilar marhumlar xotirasi uchun shamlar yoqqan, hukumatga qarshi shiorlar aytishgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolardan birida olomon shunday hayqiradi: «Iste'fo yetarli emas, sud kerak!»

Mamlakatdagi eng nufuzli universitet binosi oldida to‘qnashuvlar yuz bergan, politsiya yorug‘lik-shovqinli granatalardan foydalangan.

Erondagi ikkita asosiy yangilik agentliklari - IRNA va ISNA agentliklari ham namoyishlar to‘g‘risida xabar bergan.

Britan elchisining qo‘lga olinishi

Tehrondagi namoyishlarda qatnashgan Buyuk Britaniyaning Erondagi elchisi Robert Makeyr bir necha soatni hibsda o‘tkazdi.

Tasnim agentligining yozishicha, Makeyr miting vaqtida «radikal harakatlarga boshchilik qilgan».

«Elchimiz Tehronda qo‘lga olinishi asossizmi yoki asoslimi, bu xalqaro huquqning qo‘pol darajada buzilishi hisoblanadi. Ayni paytda Eron hukumati uchun hal qiluvchi pallalar. Ular o‘zining siyosiy va iqtisodiy jihatdan yakkalanish sari marshini davom etishi mumkin, yoki diplomatik yo‘l sari qadam tashlab, oldinga yurishi mumkin», degan Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.