10:18 / 16.01.2020
0
3621
O‘zbekiston va Estoniya o‘rtasida qo‘shma organ tuzilishi mumkin 
Foto: TIV axborot xizmati

2020 yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dehli shahrida (Hindiston) bo‘lib o‘tayotgan Raisina Dialogue 5-xalqaro konferensiyasida ishtirok etish doirasida Estoniya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Estoniya hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.

Tomonlarning ikki davlat tashqi siyosat idoralari hamkorligini, jumladan Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish amaliyotini davom ettirish yo‘li bilan faollashtirishga tayyorligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligini muvofiqlashtiruvchi va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sherikchilikni kengaytirish imkonini beruvchi, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi qo‘shma organ tuzish taklif etildi.

Turizm sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi. 2019 yil 1 fevraldan O‘zbekiston tomonidan 30 kun muddatga dunyoning 45 davlati, jumladan Estoniya fuqarolari uchun vizasiz tartibning joriy qilisnishi mazkur sohadagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishi qayd etildi.

Ikki tomonlama munosabatlarning shartnoma-huquqiy negizini kengaytirishga va hamkorlikning yuridik asosini xatlovdan o‘tkazish taklifiga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Estoniya tashqi siyosat idoralari rahbarlari ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham muhokama qildilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top