12:45 / 17.01.2020
1
54444
Ukraina bosh vaziri mojaroli audioyozuv ortidan iste'fo berdi

Ukraina bosh vaziri Aleksey Goncharuk iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi va uni prezident Vladimir Zelenskiyga topshirdi.

Vladimir Zelenskiy va Aleksey Goncharuk / AFP

«Men bu lavozimga prezident dasturi ijrosini bajarish uchun kelganman. U men uchun shaffoflik va tartib namunasi hisoblanadi. Ammo, prezidentga ishonchimiz va hurmatimizga bo‘lgan har qanday shubhalarni bartaraf etish uchun men iste'fo to‘g‘risida ariza yozdim va uni parlamentga kiritish huquqi bilan prezidentga topshirdim», — deya yozgan Goncharuk feysbukdagi sahifasida.

Vladimir Zelenskiy Goncharukning arizasini ko‘rib chiqishi va yaqin vaqt ichida natijalar ma'lum qilinishini bildirgan.

YouTube’dagi mojaroli audiolar

Shu kunlarda internetda Goncharuk bilan bog‘liq mojaroli audioyozuvlar tarqalgan, ularda Ukraina bosh vaziri ekani aytilgan ovoz sohibi Milliy bank rahbari va Moliya vaziri bilan birga mamlakat iqtisodiy siyosatini muhokama qilishgani, ular prezident Vladimir Zelenskiyni iqtisodiy siyosatda layoqatsizligi haqida gaplashishgani aks etgandi. Masalan, Goncharukniki aytilgan ovoz uni «juda oddiy fikrlovchi, iqtisodiy sohada hech narsani tushunmaydigan noshud» deb atagan.

Yozuvlarning birinchisi YouTube’da 15 yanvar kuni ochilgan «Kak obmanut prezidenta» kanalida e'lon qilindi. «Bi-bi-si»ning yozishicha, bu yozuv 2019 yilning 16 dekabrida ukrainalik amaldorlarning norasmiy uchrashuvi vaqtida yozib olingandi.

16 yanvar kuni Goncharuk 3 daqiqali videomurojaat bilan chiqdi, u bu chiqishida yozuvlar haqiqiyligini tasdiqlamagan ham, rad etmagan ham. Lekin u so‘nggi vaqtlarda korrupsionerlar va ichi qoralar tomonidan shaxsan unga hamda uning boshqaruvidagi hukumatga mediahujumlar ko‘payganini qayd etgan.

Iste'fo to‘g‘risidagi bayonotida Goncharuk bu audioyozuvlarni ham eslab o‘tgan. U «o‘zi va jamoasi prezidentni hurmat qilmaydi» degan tasavvur sun'iylik bilan hosil qilingani haqida gapirgan.

«Moliyaviy oqimlarga kirish uchun intilayotgan turli guruhlar uchun shunday bo‘lishi foydalidir. Ammo bu to‘g‘ri emas», deya yozgan Goncharuk.

U o‘zining iste'fo to‘g‘risidagi bayonotini «prezidentga ishonchi va hurmatiga bo‘lgan barcha shubhalarni tarqatish»ni istashi bilan izohlagan.

«U - ukrainlar bemisl darajada hurmat ko‘rsatgan insondir. U mamlakatni o‘zgartirayotgan jamoasining har bir a'zosining samaradorligini baholashga haqli», degan Ukraina bosh vaziri.

  • 35 yoshli Goncharuk 2019 yil avgustidan buyon Ukraina hukumatiga rahbarlik qilib kelayotgandi. U mamlakat tarixidagi eng yosh bosh vazir bo‘lgandi. 2000-yillarda Goncharuk biznes sohasida yurist sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015 yilda Ukraina ekologiya vaziri maslahatchisi, keyinroq — iqtisodiy taraqqiyot vaziri maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top