O‘zbekiston | 13:16 / 21.01.2020
35784
2 daqiqa o‘qiladi

«Halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanmoqda». TIV Tomskdagi fojia bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

Foto: Rossiya FVV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi Tomsk oblastida yuzaga kelgan yong‘in bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Mamlakatning Novosibirsk shahridagi (Rossiya) bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yil 21 yanvarga o‘tar kechasi Tomsk oblasti, Asinovskiy tumani, Prichulimskiy posyolkasi, Svoboda ko‘chasi, 1/3 uy manzilida joylashgan bir qavatli yog‘ochdan yasalgan qurilish binosi yonib ketgan.

Yog‘ochni qayta ishlash korxonasi ishchilari yashagan ushbu binoda 10 kishining jasadi topilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari. 

TIV xabarida aytilishicha, halok bo‘lganlarning shaxslari aniqlanmoqda. Ikki jabrlangan ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ular yengil jarohat olgan va tibbiy yordam ko‘rsatilgandan keyin qo‘yib yuborilgan.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va mahalliy hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi, deyiladi xabarda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan va Rossiyaning Sibir federal okrugi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda Novosibirsk shahridagi mamlakat bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan: + 7 (383) 246-04-85; + 7 (383) 246-04-63, + 7 (383) 246-04-64; + 7 (383) 246-04-84.

Mavzuga oid