11:22 / 25.01.2020
0
7791
Toshkent prokuraturasi aliment to‘lamagan shaxs shikoyati yuzasidan ma'lumot berdi
Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan «Kun.uz» rasmiy sahifasida e'lon qilingan “15 sutkaga qamalgan shaxs sud va prokuraturadan shikoyat qildi” nomli maqola yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganilganda, quyidagilar aniqlandi.

Jumladan, Toshkent shahar IIBB ga qarashli Maxsus qabul qilish muassasasida tashkil etilgan “Press-tur” davomida mazkur muassasada saqlanayotgan o‘zini “G‘ofurov Ibrohim” deb tanishtirgan fuqaro «Kun.uz» muxbiriga (OAV vakillariga –tahr.) intervyu bergan.

Aniqlanishicha, o‘zini “G‘ofurov Ibrohim” deb tanishtirgan shaxs aslida “Gulyamov Ibrohim Djurayevich” bo‘lib, sudning 07.07.2017 yilgi S-1-405/17-sonli buyrug‘iga asosan undiruvchi Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, Qoziguzar MFY, Eshonpir ko‘chasi 78/5-uyda yashovchi, 1978 yil tug‘ilgan F.Anisya J. foydasiga 2 nafar farzandlari - 08.12.2013 yilda tug‘ilgan Gulyamova F. va Z. Ibrohimovnalarning moddiy ta'minoti uchun Chilonzor tumani, 2-tor Lutfiy ko‘chasi, 1-uyda yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan Gulyamov Ibrohimdan ish haqi va daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

27.07.2017 yilda mazkur ijro varaqasi bo‘yicha MIB Chilonzor bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, I.Gulyamovning yashash manziliga yuborilgan.

22.08.2019 yil holatiga I.Gulyamov tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment qarzdorligi 16.613.316 so‘mni tashkil etgan. Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor I.Gulyamov tomonidan aliment pullari o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli 24.08.2019 yilda MIB Chilonzor tuman bo‘limiga chaqirtirilib, aliment to‘lash majburiyati va huquqiy oqibatlari xususida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi va JKning 122-moddasi talablari tushuntirilib, davlat ijrochisi tomonidan aliment qarzini hisoblash to‘g‘risidagi qaror va alimentdan bo‘lgan qarzdorlik to‘g‘risidagi jadval-ma'lumot bilan tanishtirilib, I.Gulyamov aliment qarzini qayta hisoblash to‘g‘risidagi qaror va jadvalga tanishganligi to‘g‘risida o‘z imzosini qo‘ygan va undan tegishli tushuntirish xati olingan.

Majburiy ijro harakatlari davomida 12.09.2019 yil, 14.11.2019 yilda davlat ijrochisi tomonidan I.Gulyamovning yashash manzili Chilonzor tumani, 2-tor Lutfiy ko‘chasi, 1-uyga chiqilganda, qarzdor ushbu manzilda istiqomat qilmasligi aniqlanib, bu haqida tegishli dalolatnoma va ma'lumotnoma tuzilgan.

I.Gulyamovning ijro varaqadan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati bo‘yicha 16.10.2019 yilda yozma ravishda javob xati berilib, 29.06.2017 yildan 01.10.2019 yilga qadar aliment qarzdorligi 18.683.316 so‘mni tashkil etishi ma'lum qilinib, aliment qarzdorligini qoplamagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida I.Gulyamov tomonidan davlat ijrochisining 16.10.2019 yilgi ogohlantirish xati, 14.11.2019 yilgi chaqiruv qog‘ozi va telefon qo‘ng‘iroqlari e'tiborsiz qoldirilganligi sababli 14.11.2019 yilda davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga nisbatan qidiruv e'lon qilinib, MIB Chilonzor tuman bo‘limi Qidiruv sho‘'basiga o‘tkazilgan.

Qidiruv sho‘'basi tomonidan o‘tkazilgan tadbir natijasida, I.Gulyamov 07.01.2020 yilda aniqlanib, MIB Chilonzor tuman bo‘limiga keltirilgan va shu kuni tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, aliment qarzini qayta hisoblash to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra, aliment qarzdorligi 21.040.321 so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘lgan va to‘plangan hujjatlar Chilonzor tumani ma'muriy sudiga yuborilgan.

Sudning 07.01.2020 yildagi qarori bilan I.Gulyamov O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, o‘n besh sutka muddatga ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

«Kun.uz» rasmiy sahifasida e'lon qilingan maqolada I.Gulyamov go‘yoki aliment pullarini to‘lagan bo‘lsa-da, kvitansiyalarni taqdim qilmagani uchun sud buni inobatga olmay, ma'muriy qamoq jazosi tayinlaganligini bayon qilgan.

Lekin o‘tkazilgan tekshirishda uning bu vajlari o‘z tasdig‘ini topmadi.

Xususan, sud majlisi jarayonida 21.040.312 so‘m qarzdorlikdan atigi 1.000.000 so‘mni undiruvchiga berganligi aniqlangan. Bundan tashqari, I.Gulyamov «Kun.uz» muxbiriga bergan intervyusida bir oyda aliment uchun 1.933.000 so‘m to‘lashi lozimligini bildirgan. Vaholanki, har oyda to‘lashi lozim bo‘lgan aliment summasi

725.528 so‘mni tashkil etib, bu haqida I.Gulyamov tanishtirilib, rasman ogohlantirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top