08:55 / 06.02.2020
0
1981
2019 yilda TIKA O‘zbekistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qancha mablag‘ ajratgani ma'lum bo‘ldi

2019 yil davomida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi O‘zbekistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 30 million dollar ajratgan

Foto: TIV axborot xizmati

2020 yilning 5 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov mamlakatda o‘z missiyasini yakunlayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) Toshkent shahridagi vakolatxonasi rahbari Ali Ixsan Chag‘lar bilan uchrashdi.

Tomonlar sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalariga hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, turli sohalarda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan dasturlarga urg‘u berib, O‘zbekiston va TIKA o‘rtasida o‘rnatilgan aloqalar darajasini yuqori baholadilar. Xususan, o‘tgan yil davomida Agentlik O‘zbekistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 30 million dollar ajratgani aytiladi.

Hamkorlikning madaniy-gumanitar jihatlariga alohida e'tibor qaratildi. 2019 yil 20-29 sentyabr kunlari Toshkent shahrida o‘zbek va turk rassomlarining asarlari namoyish etilgan «Zamonlar osha madaniyat: O‘zbekiston» nomli ko‘rgazma va konferensiyaning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta'kidlandi.

Vazir o‘rinbosari vakolatxona rahbari Ali Ixsan Chag‘larning O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi va kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Ali Ixsan Chag‘lar TIKAning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top