08:19 / 07.02.2020
46
144993

Qo‘shni davlatlardagi talabalarning barchasi hech qanday imtihonlarsiz o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkin

O‘qishni ko‘chirishda hech qanday qo‘shimcha talablar va sinovlarga yo‘l qo‘yilmaydi

Foto: PhotoXpress

Qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini yurtimizga ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabul qilish boshlandi. Arizalar 15 fevralgacha qabul qilinadi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi talabalar va ota-onalarga maxsus ogohlantirish bilan chiqdi. Unda aytilishicha, o‘qishni ko‘chirishda hech qanday qo‘shimcha talablar va sinovlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bu talaba so‘ralgan hujjatlarni topshirsa bo‘ldi, uning o‘qishi so‘zsiz O‘zbekistonga ko‘chiriladi degani. Qandaydir imtihon yoki test o‘tkazilmaydi. Faqat asosiy sharti - hujjatlari to‘liq va to‘g‘ri bo‘lishi (qalbaki bo‘lmasligi) kerak.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar quyidagi mezonlarga asosan qabul qilinadi:

fuqaroning doimiy yashash manzili (oliy ta'lim muassasasining sig‘imi yoki hududdagi oliy ta'lim muassasalarida tegishli soha bo‘yicha bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lmagan holatlarda, istisno tariqasida boshqa viloyatdagi oliy ta'lim muassasasiga tavsiya etilishi mumkin);

talaba o‘qiyotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishining o‘qishi ko‘chirilayotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mosligi (bunday yo‘nalish mavjud bo‘lmagan taqdirda, turdosh ekanligi);

xorijda talaba o‘qiyotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarining xususiyatlarini inobatga olgan holda, ularni asosan sirtqi va kechki ta'lim shakllariga tavsiya etish;

talabalar o‘qishini ko‘chirishda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining mavjud imkoniyatlari (moddiy-texnik baza, jumladan smenalik koeffitsiyenti, professor-o‘qituvchilar bilan ta'minlanganlik darajasi va boshqalar) inobatga olinadi.

Fuqarolardan Hududiy ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari so‘ralgan:

ariza (joyida to‘ldiriladi);

reyting daftarchasi yoki akademik ma'lumotnoma (transkript) nusxasi;

pasport nusxasi.

Xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan talabalar o‘qishini respublika oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Vazirlik turli «yordam beradigan» tamagir va firibgarlarning takliflaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. 

Turli savol va tushunmovchiliklar yuzaga kelsa, bevosita Hududiy ishchi guruhlariga yoki quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin:

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi – (71) 246-38-57;
Sog‘liqni saqlash vazirligi – (71) 241-16-91.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top