10:11 / 10.02.2020
0
3733
Energetika vazirligida Saudiya Arabistoni bilan loyihalarning amalga oshirilishi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov ASWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni va kelgusi hamkorlik istiqbollar muhokama qilindi. 

Energetika vazirligi tomonidan ASWA Power kompaniyasi bilan birgalikda Sirdaryo viloyatida umumiy quvvati 1250 MVt.ga teng 2ta bug‘-gaz qurilmasini (BGQ) barpo etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Tomonlar o‘rtasida 2019 yil 20-21 sentyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Energetika investitsiyaviy forumi doirasida loyihani amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim imzolangan. 

Ushbu loyiha prezidentning mavjud Sirdaryo IES yonida har birining ikkita bug‘-gaz qurilmasi bo‘lgan ikkita elektr stansiyani (jami 4 BGH, har birining quvvati 650–700 MVt) qurish to‘g‘risidagi topshirig‘iga muvofiq amalga oshirilmoqda. 

ASWA Power loyiha doirasida qiymati 1,0 mlrd. dollarga teng to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga (hisob-kitoblarga ko‘ra) ikkita BGQ ni loyihalashtirish, yetkazib berish va qurilishini ta'minlaydi.

Bunda investor tomonidan FIK 60 foizdan yuqori bo‘lgan BGQning eng so‘nggi modellaridan foydalaniladi, ular yiliga 10,0 mlrd. kVt.s.ga yaqin elektr energiyani ishlab chiqaradi. 

Bug‘-gaz qurilmalarini joylashtirish uchun Energetika vazirligi Sirdaryo viloyati hokimligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan Boyovut tumanida va Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida maydonchalar aniqlangan.  

Hozirgi paytda vazirliklar va idoralar tomonidan birga ishlab chiqilgan investitsiyaviy bitim va elektr energiyani xarid qilish to‘g‘risidagi bitim loyihalari yakunlanish bosqichida. 

Ayni paytda, ACWA Power kompaniyasi bilan birga Navoiy viloyatida DXSh shartlari asosida quvvati 500 MVt.ga teng shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimni imzolashga doir tadbirlar amalga oshirilmoqda (2022 yilda ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda). Ushbu loyiha Vazirlar Mahkamasining topshirig‘i doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha bo‘yicha qurilish uchun salohiyatli maydonchalarni aniqlashga oid va boshqa zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar bosqichlarini belgilangan ishlar jadvaliga muvofiq amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. 

Shu bilan birga, tomonlar Sirdaryo viloyatidagi texnikum negizida birgalikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzolash haqida kelishib oldi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top