21:23 / 10.02.2020
0
7610
«Ilhom» teatridan egallab turgan binosini bo‘shatish so‘raldi 

«Ilhom» teatri o‘zi joylashgan «Shodlik Palace» mehmonxonasining yangi mulkdoridan binoning egallab turgan qismini bo‘shatish haqida ogohlantirish xati oldi.

Foto: iticket.uz

Bu haqda teatrning Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilindi.  

Xatda mehmonxona binosi tashqi ko‘rinishi yoqimsiz holga kelib qolgani sababli Shayxontohur tumani hokimligi talabi bilan joriy yilda uning to‘liq rekonstruksiyasi rejalashtirilgani aytilgan va shu sababli “Ilhom” rahbariyatidan teatr uchun yangi joy topish so‘ralgan. 

“Teatr asoschisi Mark Vaylga 1976 yilda davlat tomonidan ajratilgan hududning yo‘qotilishi “Ilhom” teatriga chiqarilgan o‘lim hukmini anglatadi”, deyilgan xabarda. Ta'kidlanishicha, joy teatrga tegishli bo‘lmagani sababli huquqiy tomondan “u bu masalada kuchsiz”.  

1994 yilda mehmonxona xususiylashtirilgandan keyin teatr unga ajratilgan joydan beg‘araz asosda foydalanib kelgan. Teatr va mehmonxonaning avvalgi egasi “Shodlik” OAJ o‘rtasida 2023 yilgacha avtomat tarzda 10 yilga uzaytirish imkoni bilan ijara shartnomasi imzolangan.

Biroq 2017 yilda sud mehmonxonaning xususiylashtirilishi haqidagi qarorni bekor qilgach, bino davlat nazoratiga o‘tgan.

“Binoni navbatdagi mulkdorlarga berish oldidan hech kim noyob teatr taqdiri haqida o‘ylab ko‘rmagan. Bir necha yil avval biz qurishni boshlagan yangi O‘zbekistonda teatr uchun joy topilmayotganini anglash biz uchun afsuslanarli holdir. Mark Vaylning “Ilhom” teatri – bu tijoriy teatr emas. Buni barcha tomoshabinlar bilishadi va tushunishadi. U davlatdan mablag‘ olmagan va olmayapti ham. Teatrda yangi bino xarid qilish va unda teatrni yana asliday tiklash uchun mablag‘ ham, imkoniyat ham yo‘q. Teatrning yo‘qotilishi aynan “Ilhom” sahnasi uchun yaratilgan spektakllarning butun repertuari, shu jumladan, Mark Vaylning afsonaviy spektallarining yo‘qotilishini anglatadi”, deyilgan teatrning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.          

Shu munosabat bilan teatr ijodiy jamoasi O‘zbekiston hukumatini bu masalaga e'tibor qaratishga, tomoshabinlar, hamkasblar, jurnalistlar, diplomatlar va xalqaro hamjamiyatni “noyob va sehrli joy” hisoblangan teatrni saqlab qolishda jonbozlik ko‘rsatishga chaqirdi.  

O‘z navbatida, Toshkent hokimligi bu masalaga izoh berib, “Shodlik Palace” mehmonxonasi binosi hokimlik balansida turmasligini va xususiy tadbirkorlik sub'yektiga tegishli ekanini ma'lum qilgan.

Hokimlikda ta'kidlanishicha, binodan foydalanish bilan bog‘liq barcha harakatlar uning egasi tomonidan hal qilinadi. 

“Shayxontohur tumani hokimligi tadbirkorga ushbu binoni rekonstruksiya qilish tashabbusi bilan chiqqanligiga oid ma'lumot esa o‘rganilmoqda”, deyilgan shahar hokimligida. 

Hokimlik matbuot xizmati bu masalaga oydinlik kiritilgach, uning tafsilotlari bilan bo‘lishishga va'da bergan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top