18:58 / 11.02.2020
0
10749

Ozodbek Nazarbekov: «Ilhom» teatri o‘z joyida qolishiga kelishib olindi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Ilhom» teatri bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

Foto: KUN.UZ

«So‘nggi kunlarda shov-shuvga sabab bo‘lib kelayotgan, keng jamoatchilik e'tiborida turgan masala bu «Ilhom» teatrining kelajagi haqidadir. 10 fevral kuni ushbu masala yuzasidan «Ilhom» teatri badiiy rahbari Boris Gafurov hamda teatr joylashgan bino rahbarlari bilan uchrashdim. Uchrashuvda nafaqat O‘zbekistonda, balki, xorij mamlakatlarida ham o‘z dovrug‘i va muxlisiga ega bo‘lgan «Ilhom» teatri o‘z joyida qolishiga kelishib olindi. 

Madaniyat va san'at Madaniyat vazirligining doimiy himoyasidadir. Bundan buyon «Ilhom» teatrining ijodiy faoliyati ham har tomonlama vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi», - deb yozadi Ozodbek Nazarbekov.

Avvalroq, «Ilhom» teatri o‘zi joylashgan Shodlik Palace mehmonxonasining yangi mulkdoridan binoning egallab turgan qismini bo‘shatish haqida ogohlantirish xati olgani xabar berilgandi.

Xatda mehmonxona binosi tashqi ko‘rinishi yoqimsiz holga kelib qolgani sababli Shayxontohur tumani hokimligi talabi bilan joriy yilda uning to‘liq rekonstruksiyasi rejalashtirilgani aytilgan va shu sababli «Ilhom» rahbariyatidan teatr uchun yangi joy topish so‘ralgan. 

Teatrning Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilinishicha, «teatr asoschisi Mark Vaylga 1976 yilda davlat tomonidan ajratilgan hududning yo‘qotilishi «Ilhom» teatriga chiqarilgan o‘lim hukmini anglatadi». Ta'kidlanishicha, joy teatrga tegishli bo‘lmagani sababli huquqiy tomondan «u bu masalada kuchsiz».

1994 yilda mehmonxona xususiylashtirilgandan keyin teatr unga ajratilgan joydan beg‘araz asosda foydalanib kelgan. Teatr va mehmonxonaning avvalgi egasi “Shodlik” OAJ o‘rtasida 2023 yilgacha avtomat tarzda 10 yilga uzaytirish imkoni bilan ijara shartnomasi imzolangan.

Biroq 2017 yilda sud mehmonxonaning xususiylashtirilishi haqidagi qarorni bekor qilgach, bino davlat nazoratiga o‘tgan.

Bundan oldin, O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva «Ilhom» teatri bilan bog‘liq vaziyatga o‘z munosabatini bildirgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top