10:22 / 14.02.2020
1
2754
Xorijda bo‘lgan fuqarolarning konsullik ro‘yxatini yuritish bo‘yicha yangi yo‘riqnoma tasdiqlandi

Tashqi ishlar vazirining buyrug‘i bilan xorijda bo‘lgan (bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning konsullik ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Yo‘riqnomaga ko‘ra, xorijda doimiy yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar konsullik muassasalarida doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olinishi lozim.

O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olish mazkur fuqarolar turgan konsullik okrugi hududiga tegishli bo‘lgan konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijda doimiy yashovchi yoki vaqtincha turuvchi O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni konsullik ro‘yxatiga (doimiy, vaqtincha) qo‘yish uchun konsullik mansabdor shaxsi nomiga ariza berish interaktiv xizmatlar veb-portali orqali masofadan turib ham amalga oshirilishi mumkin. 

 O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy konsullik hisobiga olish uchun konsullik yig‘imlari, mazkur konsullik harakatini amalga oshirilganligi bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undiriladi. 16 yoshga to‘lmagan bolalarga esa konsullik yig‘imlari undirilmagan holda alohida ro‘yxatga olish varaqasi (elektron ro‘yxatga olish varaqasi) to‘ldiriladi.  

16 yoshga to‘lmagan bolalarning biometrik pasporti, nobiometrik pasporti, xorijga chiqish biometrik pasporti va harakatlanish hujjati bo‘lmaganda, shuningdek ota-onasining yoki ulardan birining nobiometrik pasportiga yozilgan holda xorijga chiqib ketgan shaxslar bo‘lganda hisobga olish ularning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.

Xorijda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar konsullik muassasasi ro‘yxatiga olinish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

interaktiv xizmatlar veb-portali orqali muvofiq shakl bo‘yicha to‘ldirilgan elektron ro‘yxatga olish varaqasi (interaktiv xizmatlar veb-portali orqali elektron ro‘yxatga olish varaqasini to‘ldirishning imkoni bo‘lmaganda muvofiq shakllar bo‘yicha ariza va ro‘yxatga olish varaqasi) to‘ldiriladi;

pasport (biometrik, nobiometrik namunadagi), xorijga chiqish biometrik pasporti yoki harakatlanish hujjati (nusxalari olinib, asli qaytariladi);

16 yoshga to‘lmagan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining (biometrik pasport, nobiometrik pasport, xorijga chiqish biometrik pasporti va harakatlanish hujjati bo‘lmaganda) asli (nusxalari olinib, asli qaytariladi);

ota-onasidan birining nobiometrik pasportidagi bola haqidagi ma'lumotlar kiritilgan sahifasi nusxasi (bola haqidagi ma'lumotlar ota-onasidan birining nobiometrik pasportiga kiritilgan holda xorijga chiqqan bo‘lsa);

chiqib ketish varaqasining yoki ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan berilgan fuqaroning biometrik pasporti, nobiometrik pasporti yoki harakatlanish hujjatiga yopishtirilgan “Doimiy yashashga ketishga ruxsat berildi” yozuvli stikerning nusxasi;

O‘zbekiston fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijiy davlat qonunchiligi talablariga muvofiq (viza, yashab turish hujjati, vaqtincha yashashga ruxsatnoma, pasportdagi tegishli qaydlar, ma'lumotnomalar va shu kabilar) bo‘lib turishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat;

3 x 4 sm o‘lchamdagi 1 dona fotosurat (elektron ro‘yxatga olish varaqasini to‘ldirishning imkoni bo‘lmaganda);

konsullik yig‘imi va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobiga yig‘imlar to‘langani to‘g‘risida kvitansiya.

O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar konsullik ro‘yxatiga qo‘yish uchun interaktiv xizmatlar veb-portali orqali murojaat qilganda yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarning “PDF” formatida skaner qilingan variantini yuboradi.

Vaqtincha konsullik ro‘yxati 4 yilgacha bo‘lgan muddatga rasmiylashtiriladi.

Xususan, xorijda bo‘lish maqsadlardan kelib chiqqan holda vaqtincha konsullik ro‘yxati quyidagi muddatlarga rasmiylashtiriladi:

xizmat safari – xizmat safari davomiyligi muddatiga;

o‘qish – o‘qish muddatiga;

davolanish – tibbiy xizmatdan foydalanish yoki davo muolajalari muddatiga;

ishlash – mehnat shartnomasi muddatiga;

o‘z oilasi bilan birlashishga – 4 yilgacha.

Quyidagi hollarda O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar konsullik ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin:

boshqa konsullik okrugiga doimiy yashashga chiqib ketganda;

xorijda vaqtincha bo‘lib turish muddati tugaganda;

O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqanda (fuqarolikni yo‘qotganda);

vafot etganda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top