14:53 / 15.02.2020
17
60814
Oltinsoyda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Ikki xodim tan jarohati olgan

Kun.uz tahririyatiga bir guruh fuqarolar va o‘nlab ichki ishlar xodimlari o‘rtasida yuz bergan janjal aks etgan video kelib tushdi. 

Aniqlanishicha, videoda aks etgan holat joriy yil 14 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yuz bergan. 

Viloyat IIBdan olingan ma'lumotga ko‘ra, 2020 yil 14 fevral kuni soat 16:05larda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Qishloq xo‘jaligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 17 iyundagi PF-5742-son farmoni hamda Bosh prokuraturaning topshirig‘i ijrosini ta'minlash maqsadida Oltinsoy tumanining Halqabod mahallasida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga fuqarolar M.I., M.D., N.F., T.A., M.S. va S.A. noqonuniy ravishda qurgan uylarni buzish vaqtida aholi hokimiyat va kadastr vakillariga faol qarshilik ko‘rsatilib, ularning qonuniy buyruq talablariga bo‘ysunmaslik holati yuz bergan. 

Shundan so‘ng, vaziyatga ichki ishlar organlari xodimlari aralashib, holatni yumshatmoqchi bo‘lgan. Biroq, vaziyat taranglashib, IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasida urush-janjal kelib chiqqan. 

Urush-janjal vaqtida fuqarolar tomonida tosh va tayoqlar bilan xodimlarga tan jarohatlari yetkazilgan. Natijada Oltinsoy tumani IIB JTSG Konvoy xizmati guruhi safdor-xodimi Sh.Mustafoqulov va bo‘lim HPB IIO tayanch punktlari profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi A.Jabborov turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Sh.Mustafoqulovning jarohati jiddiy ekanligi sabab u kasalxonaga yotqizilgan. 

Aholi vakillari orasida tan jarohati olganlar haqida ma'lumotlar berilmagan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top