O‘zbekiston | 21:38 / 25.01.2023
30995
6 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida yana to‘rt tuman hokimi o‘zgardi. Kun davomida 10 ta tayinlov amalga oshirildi

Ichki ishlar xodimi Uzun tumaniga, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimi Denov tumaniga, soliqchi-kinochi Oltinsoy tumaniga, fizik-huquqshunos Boysun tumaniga rahbar bo‘ldi.

Xalq deputatlari Uzun tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Bahrom Boboxonovich Tursunov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Habibulla Bozorov tasdiqlandi.

Habibulla Bozorov

Habibulla Sherdanaqulovich Bozorov 1980 yil 3 aprelda Angor tumanida tug‘ilgan. 2003 yil Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi huquqshunos.

X.Bozorov 2003-2022 yillarda Ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Tumanning sobiq hokimi Bahrom Tursunov ham ichki ishlar organidan chiqqandi. Muqaddam Muzrabot tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan Tursunov 2019 yil sentabrida Uzun tumani hokimi etib tasdiqlangandi.

Xalq deputatlari Denov tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Abdumalik Abduqodirovich Allamuradov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Ilhom Abrorov tasdiqlandi.

Ilhom Abrorov

Ilhom Ibrohimovich Abrorov 1971 yil 3 iyulda Denov tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Tojikiston davlat universiteti, 2008 yil Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi buxgalteriya hisobi, davlat va jamiyat qurilishi.

I.Abrorov 1997-2020 yillarda mahalliy hokimliklar va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2020 yildan buyon Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (sobiq) boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Tumanning oldingi rahbari Abdumalik Allamuradov bugun Surxondaryo viloyatida ishdan olingan tuman hokimlari orasida eng qisqa muddat hokimlik qilgani bo‘ldi – u 2022 yil yanvarida Denov tumani rahbarligiga tayinlangandi.

Bugun Xalq deputatlari Oltinsoy tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Alisher To‘rabovich Jumayev vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Bahrom Mahmatrayimov tasdiqlandi.

Bahrom Mahmatrayimov

Bahrom Omonovich Mahmatrayimov 1974 yil 7 iyunda Denov tumanida tug‘ilgan. 2000 yil Termiz davlat universiteti, 2006 yil Bank-moliya akademiyasini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi avtotransport korxonalari menejyeri, soliqlar va soliqqa tortish.

U 1996-2021 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Hisob palatasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2021 yildan buyon Kinematografiya agentligi bosh direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Oltinsoy tumani sobiq hokimi Alisher Jumayev 2019 yil iyunida shu lavozimda ish boshlagandi.

Xalq deputatlari Boysun tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Asqarali Choriyevich Jo‘rayev vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Bahodir Shukurov tasdiqlandi.

Bahodir Shukurov

Bahodir Shoturayevich Shukurov 1973 yil 1 yanvarda Boysun tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Toshkent davlat universiteti, 2004 yil Toshkent davlat yuridik instituti, 2006 yil Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi fizik, huquqshunos.

B.Shukurov 1994-2022 yillarda Ekologiya davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis Senatida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Vazirlar Mahkamasining Ekologik nazorat bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Boysun tumani sobiq hokimi Asqarali Jo‘rayev bu lavozimga 2019 yil sentabrida tayinlangandi.

Shu tariqa, 2022 yil oxirida yangi hokim ish boshlagan Surxondaryo viloyatida (Ulug‘bek Qosimov) bugun tuman hokimlari yoppasiga o‘zgartirildi – jami 10 ta tumanda yangi hokimlar ish boshladi. Ularning deyarli barchasi sobiq hokim To‘ra Bobolov (2019-2022) davrida lavozimga tayinlangandi.

O‘nta tayinlov:

  • Angor tumani: 2020 yil iyulidan buyon ishlab kelgan Shohjahon Abdullayev o‘rnini Qosim Mardonov egalladi;
  • Termiz tumani: 2017 yildan buyon ishlab kelgan Shuhratjon O‘rinov o‘rnini (u ro‘yxatda Bobolovdan oldin hokimlikka tayinlangan yagona rahbar) Shuhrat Nazarov egalladi;
  • Muzrabot tumani: bu lavozim 2022 yil sentabridan buyon vakant edi, o‘shanda ishdan olingan Erkin Alimovning o‘rinbosari Abdurashid Ismoilov hokim vazifasini bajarib turgandi, bugun u lavozimga rasman tasdiqlandi;
  • Jarqo‘rg‘on tumani: 2020 yil dekabridan buyon ishlab kelgan Bahodir O‘roqov o‘rnini Elmurod Avazov egalladi;
  • Sho‘rchi tumani: 2019 yil sentabridan buyon ishlab kelgan Baxtiyor Xudoyberganov o‘rniga Ulug‘bek Zokirov tayinlandi;
  • Sariosiyo tumani: 2021 yil mayidan buyon ishlab kelgan Abdisalom Xo‘jaqulov o‘rnini Abduqodir Donayev egalladi;
  • Uzun tumani: 2019 yil sentabridan buyon ishlab kelgan Bahrom Tursunov o‘rnini Habibulla Bozorov egalladi;
  • Denov tumani: 2022 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Abdumalik Allamurodov o‘rnini Ilhom Abrorov egalladi;
  • Oltinsoy tumani: 2019 yil iyunidan buyon ishlab kelgan Alisher Jumayev o‘rnini Bahrom Mahmatrayimov egalladi;
  • Boysun tumani: 2019 yil sentabridan buyon ishlab kelgan Asqarali Jo‘rayev o‘rnini Bahodir Shukurov egalladi.

Hozircha viloyatda Sherobod, Qiziriq, Bandixon va Qumqo‘rg‘on tumanlari, shuningdek, Termiz shahri hokimi o‘zgarishsiz qoldi. 

Mavzuga oid