15:43 / 25.02.2020
0
3016
Toshkentda «Le Kordon Blyu» oliy maktabining filiali ochilishi mumkin

Toshkent mehmonxona servisi, restoranlar boshqaruvi va kulinariya yo‘nalishida Fransiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantiradi

Foto: globalazeri.az

Toshkent shahar hokimi Fransiyaning «Le Kordon Blyu» mehmonxona servisi va kulinariya oliy maktabi Xodimlarni saralash va rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Filipp Rosheron bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya Respublikalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar, ta'lim va turizm sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Filipp Rosheron hozirda dunyoning 20 ta davlatida 125 yillik tarixga ega «Le Kordon Blyu» mehmonxona servisi va kulinariya oliy maktabi bilan hamkorlikda institutlar ochilganligi va ularda asosan texnik (oshxonada ishlash, novvoylik, qandolatchilik), ishbilarmonlik, mehmonxona biznesi va jamoa boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanishini, ta'lim magistrlar uchun 1 yillik, bakalavrlarga 3 yillik dasturlarda olib borilishini aytib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimi mazkur oliy maktab bilan xizmat ko‘rsatish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash va kelgusida «Le Kordon Blyu» oliy maktabining filialini Toshkentda ochish yuzasidan muzokaralarga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda Fransiya elchixonasining ta'lim hamkorligi bo‘yicha attashesi Sofi Jindt ham ishtirok etib, Fransiyadagi oliy ta'lim dargohlarida o‘zbekistonlik talabalar uchun muntazam grantlar ajratilishi va har yili turli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qiyotgan yoshlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanayotganligini ta'kidladi. Shuningdek, poytaxt hokimligi bilan elchixonaning ko‘cha teatrini rivojlantirish loyihasini birgalikda amalga oshirish taklifini bildirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top